Kecha, shanba kuni, Vetnamning Xalong ko‘rfazida 53 kishini olib ketayotgan sayyohlik kemasi ag‘darilib ketgan. Oqibatida esa 34 kishi halok bo‘lgan.
«VN Express» mahalliy ommaviy axborot vositasining Kuangnin viloyat rasmiylariga tayanib bergan xabariga ko‘ra «Wonder Sea» deb nomlangan sayyohlik kemasi shanba kuni tushdan keyin Daugo g‘ori yaqinida kuchli shamol va og‘ir yog‘ingarchilik tufayli ag‘darilib ketgan.
Rasmiylar, hozirgacha 12 kishi tirik holatda qutqarilgani, 34 kishining esa jasadi topilganini ma’lum qildi. Yo‘qolgan yo‘lovchi va ekipaj a’zolarini topish uchun qidiruv - qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Roppa – rosa 48 nafar sayyoh bilan 5 nafar ekipajni olib ketayotgan kemada bolali oilalarning ham bo‘lgani xabar qilindi.
Tergov ishlari boshlatildi
Politsiya bilan mahalliy rasmiylar tomonidan qo‘llab - quvvatlangan qidiruv – qutqaruv guruhlari tezlik bilan hududga yuborildi ammo yomonlashib borayotgan ob - havo sharoitlari va past ko‘rish masofasi tufayli shanba kuni kechasi yo‘qolganlarni qidiruv ishlari hozircha to‘xtatib qo‘yildi.
Ohaktosh qoyalari va tabiiy go‘zalliklari bilan tanilgan Xalong ko‘rfazi, UNESCOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Nomi tilga olingan ko‘rfaz, Vetnamning eng mashhur sayyohlik joylaridan biri sifatida dunyoga mashhurdir.
Rasmiylar, baxtsiz hodisa sababini tekshirish va kema egalarining xavfsizlik protokollarini ko‘rib chiqish uchun tergov ishi boshlatdi.