Turkiya, Iordaniya, Iroq, Livan va Suriya birgalikda bergan bayonotda Suriyaning xavfsizligini buzishga qaratilgan barcha urinishlarni qoralab, uning hukumatini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Yakshanba kuni Iordaniya poytaxti Ammanda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy xavfsizlik uchrashuvida Suriya va uning qo‘shni davlatlari – Turkiya, Iordaniya, Iroq va Livan tashqi ishlar va mudofaa vazirlari, shuningdek, razvedka boshliqlari va harbiy yetakchilar ishtirok etishdi.
Uchrashuvdan so‘ng davlatlar birgalikda bayonot berib, "aka-uka Suriya xalqini o‘z vatanini xavfsizlik, barqarorlik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni ta’minlaydigan asoslarda qayta qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlarini" tasdiqlashdi.
Bayonotda Suriyaning xavfsizligi va barqarorligi mintaqaning xavfsizligi va barqarorligi uchun "muhim" ekani ta’kidlandi.
Mintaqaviy davlatlar Suriyaning xavfsizligi, suvereniteti va tinchligini buzishga qaratilgan barcha urinish va guruhlarni qoralashdi.
“Shuningdek, ular Suriyaning barqarorligi va xalqining xavfsizligini ta’minlash uchun hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan barcha choralarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi,” deyiladi bayonotda.
Isroilning Suriyaga qarshi tajovuzi
Bayonotda Isroilning Suriyaga qarshi tajovuzi qoralandi va rad etildi.
“Isroilning Suriyaning ichki ishlariga aralashish urinishlari xalqaro huquq va xalqaro gumanitar huquqni qo‘pol ravishda buzish, Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz va mojarolarni yanada kuchaytirishga olib keluvchi harakatdir,” deyiladi bayonotda.
Ishtirokchilar xalqaro hamjamiyat va BMT Xavfsizlik Kengashini xalqaro huquqni himoya qilish, Isroilning qonunbuzarliklarini to‘xtatish va Isroilning barcha bosib olingan Suriya hududlaridan chiqib ketishini ta’minlashga chaqirishdi.
Shuningdek, ular Isroilni hujumlarni to‘xtatishga va 1974-yilda Suriya va Isroil o‘rtasida imzolangan Ajratish kelishuviga rioya qilishga chaqirishdi hamda Suriya Milliy Dialog Konferensiyasi natijalarini olqishlashdi.
Terroristik guruhlar
Ishtirokchilar Daesh terroristik guruhiga qarshi kurashish uchun qo‘shma operatsion markaz tashkil etishga kelishib olishdi.
Shuningdek, ular giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va Suriyaning imkoniyatlarini mustahkamlash uchun yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qilishlarini tasdiqlashdi.
Davlatlar Suriyaning qayta qurilish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, erta tiklanish loyihalari uchun xalqaro yordamni safarbar qilish va Suriyaning qayta qurilish imkoniyatlarini oshirishga intilishlarini bildirishdi.
Bayonotda Suriyaning qayta qurilishi va xalqining ehtiyojlarini qondirish uchun sanksiyalarni bekor qilish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, davlatlar Suriyaning iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun iqtisodiy, savdo va investitsiya hamkorligini, shuningdek, energetika va transportni o‘z ichiga olgan infratuzilma rivojlanishini kuchaytirish muhimligini tasdiqlashdi.
Davlatlar mintaqaviy davlatlar, xalqaro hamjamiyat va tegishli BMT tashkilotlari bilan birgalikda xalqaro huquqqa muvofiq "xavfsiz va barqaror" suriyalik qochqinlarning qaytishi uchun zarur xavfsizlik, yashash va siyosiy sharoitlarni yaratishga intilishlarini bildirishdi.
Ular xalqaro hamjamiyatni qochqinlarni qabul qilgan davlatlarda ularning Suriyaga qaytishi tugaguniga qadar o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etishga chaqirishdi.
Davlatlar bugungi muhokamalarni davom ettirish va zarur qarorlarni qabul qilish uchun kelgusi oylarda Turkiyada ikkinchi davra uchrashuvini o‘tkazishga kelishib olishdi.