Turkiyada so‘nggi 24 soat ichida yuzaga kelgan 55 ta hududda o‘rmon yong‘inlari to‘liq nazoratga olindi, deb ma’lum qildi mamlakat qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri. Yong‘indan zarar ko‘rgan hududlarda sovutish ishlari davom etmoqda.
Seshanba kuni jurnalistlarga bergan bayonotida, vazir Ibrahim Yumakli, so‘nggi kuchli yong‘in shimoli-g‘arbiy Bursa viloyatining Harmancik hududida yuz berganini aytdi.
“Yong‘inni to‘liq nazoratga olish uchun harakatlarimiz davom etmoqda. Bu jarayonda 5 ta samolyot, 30 ta vertolyot va 855 ta yer usti texnikasi ishtirok etmoqda,” dedi u.
Yumakli, ertalabki tuman va tutun, shuningdek, kunduzi kuchaygan shamol havo operatsiyalarini kechiktirganini tushuntirdi.
“Vaziyatni nazoratga olish uchun ko‘proq vaqt talab qilindi,” dedi u. “Ammo ob-havo yaxshilanishi bilan havo operatsiyalarimizni kuchaytirdik. Biz yerda ham tinimsiz, kunu tun ishlayapmiz.”
U Bursadagi yong‘in bo‘yicha ijobiy natijalar kuzatilayotganini va kun davomida yaxshi xabarlar yetkazishga umid qilayotganini bildirdi.
Vazir, shuningdek, yong‘in xavfi hali ham yuqori ekanligini ta’kidladi va aholini hushyor bo‘lishga, hatto eng kichik yong‘in haqida ham xabar berishga chaqirdi.
“Xavf tugamadi. Biz kamida oktyabr oyigacha hushyor turamiz,” deya qo‘shimcha qildi u.