Bir - birini kuzatgan AQSh yetakchiliklari, Afrikani ustuvor hudud darajasiga olib chiqa olmadi va bu holat Xitoyning nomi tilga olingan qit’ada o‘z ta’siri yoki kuchini oshirishiga imkon yaratib berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yillar davomida Vashingtoning Afrikadagi iqtisodiy ta’siri zaiflashdi. Sanksiyalar, e’tiborsiz siyosatlar, tanlangan yondashuvlar va o‘zgaruvchan investitsiya hajmlari moliyaviy jihatdan AQShning mintaqadagi kuchining zaiflashiga yo‘l ochdi.
Shu bois, AQSh Prezidenti Jo Baydenning shoshilinch ravishda Angolaga yo‘lga qo‘ygan tashrifidan mo‘jizalar kutmaslik kerak. Ushbu tashrif, Baydenning 2021 - yili o‘z lavozimga kirishidan beri Afrikaga bo‘lgan birinchi safari bo‘ladi.
Tashrif uyushtirilgan vaqt, AQShning ustuvor yo‘nalishlaridan keskin xabar bermoqda. Ya’ni Bayden, so‘nggi o‘n yil davomida Sahroi Kabir Afrikasiga tashrif uyushtirgan birinchi AQSh prezidenti sifatida tarix sahifalaridan o‘rin oladi. Oq uyning tashrif oldidan bergan bayonotida, «Prezidentning Luandaga bo‘lgan tashrifi... Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afrikadagi hamkorlarga bo‘lgan doimiy sadoqatining yorqin namoyishi va umumiy muammolarni hal qilish uchun hamkorlik qilishning ham Amerika xalqi hamda Afrika qit’asidagi barcha insonlar uchun qanday foyda olib kelishini anglatishi jihatidan muhimdir», - deyildi.
Bayden safaridagi maqsadlaridan biri, Xitoynıng Angola va undan tashqarisida osib borayotgan iqtisodiy ta’sirini cheklashga urinishdir. Biroq Xitoynıng muhim investitsiyalari va turli rivojlanish takliflari, Vashingtonnıng bu imkoniyatni yillar oldin boy berganidan dalolat bermoqda.
Har ikki davlat ham Afrikaning kamdan – kam uchragan tuproq minerallari ta’minotiga erishish uchun kuch sinashmoqda. Xitoy, ayniqsa Afrikaning tijoriy bozorlari va portlaridan foydalanishni rejalashtirar ekan Vashingtonning mintaqadan maqsadi, demokratik inqirozning oldini olish va «o‘xshash fikrlaydigan» harbiy va tijoriy hamkorliklarining bir tarmog‘ini davom ettirishdir.
Investitsion muammolar
Vashington, Afrikada ko‘p tarmoqli investitsiyalarni rivojlantirish borasida har doim qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Sanoatdan qishloq xo‘jaligiga, yashil investitsiyalardan energetikani moliyalashtirishga qadar Xitoy Afrikaning rivojlanishi uchun kelajakda nimalarga ehtiyoji tug‘ilgudek bo‘lsa ana shularning qoq markazidagi tarmoqlarni tashkil etishni davom etmoqda. Xitoy - Afrika Hamkorlik forumi (FOCAC) kabi platformalar Afrikaning moliyaviy ehtiyojlarini Xitoy yordamida muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynadi va Pekinning o‘zini Afrikaning modernizatsiyasi peshqadami sifatida ko‘rsatishiga ko‘maklashdi.
Bu nuqtada, Bayden yetakchiligining iqtisodiy ta’siri yetmadi. Energetika sohasida, Afrikada qayta tiklanadigan energiyaga erishish uchun millionlab dollar va’da qilinishiga qaramay, investitsiya hajmi, qit’aning o‘sib borayotgan energetika investitsion talablariga javob bera olmadi.
Boshqa tomondan Xitoy, yashil energiya loyihalariga milliardlab dollar sarfladi va qisqa muddatda Afrikaning o‘sishiga yordam berish niyatida imtiyozli kreditlardan foydalandi. Vashington yillar davomida Xitoynıng qarz va kredit berish siyosatlarini tanqid qilishga shoshilsa da, qarzga botgan Afrika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan - to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish ishlarini orttira olmadi, boshqacha qilib aytganda buning uchun qiynaldi. Bu holat Afrikani Xitoy ta’siriga yanada yaqinlashtirdi.
Siyosiy noaniqlik
Siyosiy noaniqliklar Xitoy bilan bo‘lgan samarali raqobatni yanada qiyinlashtirdi. Bayden, saylovlarga atigi 40 kun qolganda Angolaga tashrif uyushtirmoqda va sobiq AQSh Prezidenti Donald Trampning noyabr oyida qayta hokimiyatga kelish ehtimoli juda yuqori. Bunday vaziyatda, Bayden Afrika siyosatining o‘zagini tashkil etuvchi 2025 - yilgacha 55 milliard dollarlik ko‘p tarmoqli investitsiya rejasini amalga oshira olmasligi mumkin. Hozirga qadar bu miqdorning taxminan 44 milliard dollari investitsiya sifatida kiritilgan.
Tramp, 2016 - yildagi prezidentlik davrida Afrikaga tashrif uyushtirishni rad etdi va Afrikaga bo‘lgan toza energiyani moliyalashtirish bilan diplomatik munosabatlarni yaqinlashtirishga hech qachon e’tibor bermagan. U, bu orqali Afrikaga: «Afrika tashqi siyosatda unchalik ham muhim emasdir», - demoqchi bo‘ldi.
Boshqa tomondan Xitoynıng iqtisodiy ta’siri bunday cheklovlardan xoli. Shu oyda mamlakat poytaxti Pekin shahrida o‘tkazilgan FOCAC liderlar sammitida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, kelasi 3 yil uchun Afrikaga taxminan 51 milliard dollarlik investitsiya kiritishga va’da berdi. Izchil olib borilgan savdo siyosatlari esa Xitoyni, Sahroi Kabir Afrikasining eng yirik savdo sherigiga aylantirdi.
Afrikaning 53 ta davlati bilan tez - tez aloqada bo‘lgan Xitoy, qit’ada bir million yangi ish o‘rni yaratish kabi muhim siyosiy maqsadlarini amalga oshirish borasida muvaffaqiyatli qadamlar tashlamoqda. Afrikaning Xitoy bilan bo‘lgan iqtisodiy aloqalari nazarda tutilganida, Bayden, Pekinning bu mintaqadagi asosiy maqsadi «AQShning Afrika xalqlari va hukumatlari bilan bo‘lgan munosabatlarini zaiflashtirishdir», - degan taxminini chetga qo‘yishi kerak.
Bu ko‘z qarash, Xitoynıng Afrikadagi ta’sirini kuchaytirish sa’y – harakatlariga e’tiroz bildirish istagini aks ettirish bilan bir qatorda AQSh - Afrika munosabatini o‘z kontekstida ko‘rib chiqish zarurligini e’tibordan qochirmoqdadir.