Ko'mir global iqlim o’zgarishiga sabab bo'ladigan karbonat angidrid chiqindilarining taxminan qirq foiziga javobgar. Afrikada esa, millionlab odamlar ovqat pishirish uchun ko'mirga qaram bo'lgan joylarda, ta'siri yanada yomonroq. Ammo "yashil ko'mir" shaklida yangi yechim sekin-asta shakllanmoqda.
Ushbu dasturda Afrikada ko'mirning ekologik va madaniy ta'sirini, hamda "yashil ko'mir" barqaror kelajak kaliti bo'lishi mumkinligini ko'rib chiqamiz.
Afrika bo'ylab millionlab odamlar uchun an'anaviy ko'mir madaniyat va kundalik hayotning bir qismi desak mubolag’a bo’lmaydi. Ko’mir ularning hayotida tirikchilikning asosiy manbaidir.
Ko'mir ustida ovqat pishirish an'ana bilan chambarchas bog'liq.
Ko’mir Keniyaning “nyama choma” yoki Nigeriyaning achchiq ko'cha taomlari kabi mashhur taomlarni tayyorlashda ishlatiladi. Ko’mir yoqish ayni vaqtda ovqat tayyorlashdan tashqari, turli jamoalarda marosim va an’analarda ma'naviy ahamiyatga ega.
Ko'mir ayni vaqtda iqtisodiy hayot manbai hisoblanadi. Uning ishlab chiqarilishi va savdosi, ayniqsa qishloq hududlarda, millionlab odamlarni ta'minlaydi. Kam ta’minlangan oilalar uchun bu elektr yoki gaz kabi muqobillarga nisbatan qulay va arzon yoqilg'i manbaidir. Ammo bu arzon yoqilg’i manbaiga erishish o’ta qimmatga tushadi.
O’tin ko'miri ishlab chiqarish o'rmonlarni kesishning asosiy omili hisoblanadi. O'rmonlar qayta tiklanishidan ham tezroq yo'q qilinmoqda, bu esa yashash joylarining yo'qolishiga, tuproq eroziyasiga va ko'proq uglerod chiqindilariga olib keladi.
Daraxtlar issiqxona gazi - karbonat angidridni yutishda muhim rol o'ynaydi. Shunday qilib, ko'mir uchun ko'p miqdorda daraxtlarni kesish orqali, atmosferaga karbon chiqariladi. Bu esa global iqlim o’zgarishiga olib keladi. Hatto ko'mir ishlab chiqarish jarayonining o'zi ham issiqxona gazlarini keltirib chiqaradi.
Ko'mirning yonishi zararli moddalarni, jumladan karbon monooksidni keltirib chiqaradi, bu nafas olish yo’llari orqali nafas olish muammolari va boshqa jiddiy sog'liq muammolariga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, ichkarida ovqat pishirilganda…
Shunga qaramay, ko'mir iste'moli davom etmoqda. Ko'plab Afrika mamlakatlarida o'rtacha odam kuniga deyarli ikki kilogramm o'tin yoki ko'mir ishlatadi.
Ammo, tozaroq muqobil yashil energiya buni o'zgartira oladimi?
Yashil ko'mir yoki bio-ko'mir biomassadan - shakarqamish yoki yog'och qirindilar kabi organik chiqindilardan tayyorlanadi. Jarayon xom-ashyoni quritish, isitish va preslashni o'z ichiga oladi. Bu ekologik yoqilg'i samarali yonadi, zararli moddalarni kamroq chiqaradi va o'rmonlarni saqlashga yordam beradi.
Bioko'mirni ayni vaqtda qishloq xo'jaligida ham tuproq unumdorligini yaxshilash, namlikni oshirish va yaxshiroq hosil olishni rag'batlantirish uchun o'g'it sifatida ishlatish mumkin.
U shuningdek ish o'rinlarini yaratish va qimmat import yoqilg'iga qaramlikni kamaytirish orqali mahalliy iqtisodiyotlarni o'zgartirishi mumkin. Bundan tashqari, yashil ko'mir mamlakatlar xalqaro miqyosda savdo qilishlari mumkin bo'lgan uglerod kreditlarini ishlab chiqaradi. Ammo ba'zi mahalliy jamoalar bunga ishonmayotir.
Tanqidchilar toza energiyaga o'tish ko'pincha yomon rejalashtirilgan, jamoalarni kelajaklari haqida noaniqlikka yetaklamoqda deyishadi.
Janubiy Afrikaning Ermelo shahrida odamlar mamlakatning Adolatli Energiya O'tishi (JET) jarayonida ko'mirdan uzoqlashib ketishdan tashvishlanadi. Bu mintaqa ko'mir konlari va elektr stansiyalariga qattiq bog'liq.
80 ming aholisining taxminan 80 foizi davlat energetika va transport kompaniyalari Eskom va Transnetda ishlaydi. Biroq, ikkala kompaniya ham 2025 yilda ko'mir obyektlarini yopishni rejalashtirmoqda, bu esa ommaviy ishsizlikni keltirib chiqarish xavfini tug'dirmoqda.
Shu bilan birga, ko'pchilik iqlim adolatini talab qilib, boy mamlakatlardan global chiqindilarga juda oz hissa qo'shsada, iqlim o'zgarishidan eng ko'p aziyat chekayotgan Keniya kabi mamlakatlarga o'zlarining "iqlim qarzini" to'lashni talab qilmoqda.
Afrikaning o'sib borayotgan energiya ehtiyojlari qit'a bo'ylab mamlakatlarni an'anaviy qazilma yoqilg'ilarga tozaroq, barqarorroq muqobillarni izlashga undamoqda. Yashil ko'mir odatdagi ko'mirga qaramlik bilan toza, qayta tiklanadigan energiyaga asoslangan kelajak o'rtasida potentsial ko'prikni taklif qiladi.
Ushbu dastur TRT World maqolasidan olingan.