Mushuklar katta mehmonxonalardan tortib to mashhur muzeylargacha bo’lgan eng nufuzli maskanlardan panoh topdilar. Ular shunchaki o'tib ketmaydilar. Bu to'rt oyoqli mavjudotlar o'zlarining boshpanasiga aylangan joylarning go’yoki timsoli, ovunchog’i va hatto mashhurlariga aylandi desak mubolag’a bo’lmaydi.
Sayohatimizni go'yo kinodan olingan hikoya bilan boshlaymiz. Bir daydi mushukning siyosiy yig'ilish zaliga kirib kelganini tasavvur qiling. Bu ajablanarli holat, shunday emasmi? Xo'sh, aynan shunday hodisa Uilou (Willow) nomli kulrang mushuk tufayli sodir bo'ldi.
2020-yilda jajjigina yashil ko'zli mushukcha Pensilvaniyadagi Bayden mitingiga kirib keldi. U sahnaga sakrab chiqib, Birinchi xonim Jill Baydenning e'tiborini tortdi. Bu ferma mushuki oxir-oqibat Oq uyning doimiy mushugiga aylandi. U ko'plab mushuklar orzu qiladigan hayot kechiradi.
Uilou bunday baxtga erishgan yagona mushuk emas. Butun dunyo bo'ylab, ba’zi mushuklar o'zlarining jozibasi bilan mashhur dargohlardan panoh topgan.
Londonda mushuklar shunchaki uy hayvonlari emas - ular qirollik a'zolari hamdir. Lilibet bilan tanishing, Qirolicha Elizaveta II ning nomi bilan atalgan go’zal Sibir o'rmon mushugi.
Lilibet besh yulduzli “Lanesborough” mehmonxonasini o'z uyi qilib olgan. U pechka yonida panjalarini cho‘zib yotar ekan, uni ko‘rgani dunyoning turli burchaklaridan mehmonlar keladi.
Ba'zilar faqat u bilan uchrashish uchungina mehmonxonadan joy ajratadilar.
Nega bo’lmas ekan? U ushbu hashamatli muhitga huzur bag’ishlaydi va insonni o’z uydagidek his qildiradi.
Va u Londonning tarixiy binosida yaxshi yashaydigan yagona mushuk emas. Sautvark katedralida “Xodj” ismli mushuk muqaddas dargohni o'z uyi deb biladi.
U tashrif buyuruvchilar orasida ancha mashhur bo'lib qolgan. Ular hatto sovg'a do'konida uning yumshoq o'yinchoq nusxalarini ham sotishadi!
Balki dunyodagi eng mashhur mushuk britaniyalik – Larridir. Larri “Dauning” ko’chasidagi 10-uyda Britaniya Bosh vazirining rasmiy qarorgohida yashaydi. Uning rasmiy unvoni "Vazirlar Mahkamasi idorasining sichqon ovlovchisi”dir. Uning asosiy vazifasi - Bosh vazir qarorgohini sichqonlardan himoya qilishdir. Larri u yerda ko'plab Bosh vazirlardan ko'ra uzoqroq bo'lgan! Bu bir mushuk uchun juda katta yutuq!
Mushuklar faqat hashamatli mehmonxonalar yoki hukumat idoralaridagina yashamaydi. Ularning ba'zilari jahonga mashhur muzeylarda ham yashaydi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi ulug'vor “Ermitaj” muzeyida bitta yoki ikkita emas, balki 80dan ortiq mushukni uchratish mumkin.
Bu mushuklar muzeyning yerto'lasida yashaydi. Ular dastlab sichqonlarga qarshi kurash uchun keltirilgandi. Bugun ular hali ham o'sha ishni bajarishadi, lekin shunchalik mashhur bo'lib ketganki, hatto ularning matbuot kotibi ham bor.
Bu orada, Floridaning Ki-Uest shahridagi yana bir muzey ham mushuklar makoniga aylangan. Xeminguey uyi va muzeyida 59 ta mushuk bor. Ularning ko'pchiligi Ernest Xemingueyning olti barmoqli mushuki Snou Uaytning avlodlaridir. Mushuklar hududda erkin yurishadi. Ular Xemingueyning yozuv stoliga yotib, mashhur yozuvchining asarlari bilan tanishish jarayonida tashrif buyuruvchilarga hamrohlik qilishadi.
Muzey xodimi Aleksa Morgan odamlar ko'pincha tarix uchun kelishini, lekin oxir-oqibat mushuklarga oshiq bo'lib qolishini aytadi. Ba'zilar hatto faqatgina o'zlarining momiq do'stlarini ko'rgani qaytib kelishadi. Bu mushuklar xuddi Xemingueyning o'zi kabi hikoyaning bir qismi bo'lib qolganday ko'rinadi.
Biroq, har bir mashhur mushukning nasli nasabi yoki hashamatli uyi yo'q. Ba'zilari shunchaki paydo bo'ladi, o'z o'rnini topadi va hech qachon ketmaydi.
Istanbuldagi semiz kulrang oq mushuk Kadiko'y ko'chalarida bo'shashgan holati bilan shaharning qalbini zabt etdi. “Tombili” nomli mushukning vafotidan so'ng, Kadiko'y hokimiyati uning sharafiga haykal buyurtma qildi. Haykal mashhurlar suratga olingan zinapoyalarga o'rnatildi.
Venesuelada esa Karakasdagi Milliy saylov kengashi atrofida aylanib yuradigan bir mushuk bor. U siyosatga qiziqmaydi. U audio kabellar bilan o'ynashni va muxbirlarga hamrohlik qilishni afzal ko'radi.
Keyin Kosovoning Prishtina shahrida “Lule” ismli sevimli mushuk bor. Lule “Dit' e Nat” qahvaxonasida yashaydi, u yerda u shunchalik mashhur bo'lib ketganki, hatto uning rasmi qahvaxonaning qadoqlangan shakar paketlari ustida o’rin olgan. “U shunchaki uy hayvoni emas - u maskanning ruhi”, deydi egasi.
Qirollik qarorgohlari bo'ladimi, shinam qahvaxonalar yoki gavjum ko'chalar bo'ladimi, mushuklar dunyoning har bir burchagida o’z o’rnini topgan. Ular qayerga bormasin o’z izini qoldirishadi.
Keyingi safar siz mashhur diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilganingizda yoki qahva ichish uchun to'xtaganingizda, atrofga bir qarang. Balki u yerni boshqarayotgan mushuk bilan uchrashib qolishingiz mumkin.