Rossiya kechasi Ukraina sharqidagi Xarkov shahriga qarshi insonsiz havo transportlari, raketa va bombalar orqali hujum uyushtirdi. Shanba kuni shahar meri Ihor Terexovning aytishicha, kamida 3 kishi halok bo‘lgan, 22 kishi esa tan jarohati olgan. Ulardan biri, bir oylik chaqaloq.
Ukrainaning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Rossiya chegarasidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Xarkov, uch yildan ortiq davom etgan urush paytida tinimsiz Rossiyaning bombardimoniga uchradi.
Terexov shanba kuni ertalab Telegram orqali bergan bayonotida: «Xarkov, urush boshlanganidan beri birinchi marotaba bu darajada yirik hujumga uchradi», - dedi
Tuni bo‘yi o‘nlab portlash ovozlari eshitilgan shaharga qarshi bir vaqtning o‘zida rus askarlari raketalar, insonsiz havo transportlari va bombalar orqali hujum qilgani bildirildi.
Shahar meri Terexov ko‘p qavatli uylar va xususiy turar - joylar, shuningdek, ta’lim va infratuzilma obyektlariga qarshi ham hujum qilinganini ta’kidladi.
Mahalliy hokimiyat va Reuters agentligi tarqatgan suratlarda yonib ketgan va qisman vayron bo‘lgan uylar, transport vositalari hamda jarohat olganlarning xavfsiz joyga yetkazilgani hamda vayronalar aks etgan.
Xarkov gubernatori Oleg Sinegubov shahardagi harbiy bo‘lmagan sanoat obyektlaridan biriga qarshi 40 ta insonsiz havo transporti, 1 ta raketa va 4 ta bomba yordamida hujum qilingani, hujum natijasida obyekt yonib ketganini qayd etdi.
Sinegubov vayronalar ostida hali ham insonlar topilishi mumkinligini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Ukraina harbiylari Rossiya kechasi bilan Ukrainaga 206 ta insonsiz havo transporti, ikkita ballistik raketa va yetti xil raketa uchirgani haqida xabar berdi.
Ukraina harbiylari, shuningdek, havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari 87 ta insonsiz havo transportini urib tushirgani, yana 80 ta insonsiz havo transporti esa elektron urush taktikasidan foydalangan holda yo‘naltirilgani yoki 80 ta insonsiz havo transporti simulyatorlar ekanini bildirdi.
Harbiy rasmiylar 10 ta hududga zarba berilganini ifoda etdi.
Ukraina Moskva viloyatini nishonga oldi
Boshqa bir xabarda, Ukraina payshanba va juma kunlari Moskva viloyatini insonsiz havo transportlari orqali nishonga oldi. Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning aytishicha, voqrada ikki kishi jarohatlangan.
Vorobyov: «Tunda va bir kun avval mintaqa osmonida 9 ta insonsiz havo transporti urib tushirildi», — dedi.
Yana bir xabarda, Rossiya aviatsiya nazorati agentligi parvozlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida Moskva viloyatidagi Domodedovo, Sheremetyevo va Jukovskiy aeroportlarida faoliyatini vaqtincha toʻxtatganini maʼlum qildi.
Keyinroq parvozlar qayta tiklangani haqida xabar berildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi shanba kuni ertalab bergan bayonotida, yarim tundan e’tiboran havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Rossiya hududida, jumladan, Moskva viloyatida 36 ta Ukraina insonsiz havo transportini yo‘q qilganini ma’lum qildi.