Turkiya Respublikasi Energetika vaziri Alparslan Bayraktar bu hafta oxiridan e’tiboran Ozarbayjondan Suriyaga tabiiy gaz yetkazib berish ishlari boshlanishini ma’lum qilar ekan, bu holat, 2011 - yili boshlagan Suriyadagi ichki urushdan beri birinchi marta qayd etilishiga e’tibor qaratdi.
Alparslan Bayraktar mavzu haqida kecha bergan bayonotida, «Biz Ozarbayjondan kelgan tabiiy gazni Kilis orqali Halabga eksport qilishni boshlaymiz», - dedi.
Bu qadam Turkiya va Suriya rasmiylari oʻrtasida may oyida erishilgan kelishuvdan keyin tashlanmoqda.
Oʻsha paytda Suriya Energetika vaziri Muhammad al - Bashir, Damashq bilan Anqara Suriyaning jiddiy energetika ehtiyojini qoplash niyatida shimoliy quvur orqali tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.
Suriyaning elektr tarmoqlari bilan infratuzilmasi deyarli 14 yil davom etgan urush paytida ancha ziyon koʻrdi. Koʻpgina hududlar, jumladan yirik shahar markazlari hali ham kuniga 20 soatdan ortiq elektr uzilishlariga ma’ruz qolmoqda.
Tabiiy gaz kelishuvi Bashar al - Asadning dekabr oyida hokimiyatdan chetlatilishi ortidan yangi Suriya ma’muriyati nazoratni qoʻlga olishidan faqatgina bir necha oy oʻtib amalga oshirilmoqda. Yangi ma'muriyat asosiy infratuzilmani qayta tiklash va yoqilgʻi ta'minotini ta'minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldi.
Tabiiy gazga boy boʻlgan Ozarbayjon, Turkiyaning uzoq yillik ittifoqchisidir. Turkiya esa Suriyaning yangi ma'muriyati bilan ham yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda.
Bu oy boshida Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi SOCAR, Suriya Prezidenti Ahmad al - Sharaaning Bokuga uyushtirgan rasmiy tashrifi chogʻida oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Ushbu kelishuv Turkiya orqali muvofiqlashtirilib, Suriyaga tabiiy gaz yetkazib berishni maqsad qilar ekan, Bokuning, mamlakat iqtisodiy tiklanishidagi ishtirokini kengaytirish yoʻlida muhim qadam hisoblanadi.