Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif chorshanba kuni Lachin Xalqaro Aeroportining ochilish marosimida ishtirok etishlari kutilmoqda.
Lachin Xalqaro Aeroporti 2020-yilda Armaniston bilan bo‘lgan urushda ozod qilingan hududlarda Ozarbayjon tomonidan qurilgan uchinchi aeroport hisoblanadi.
Dengiz sathidan 1,800 metr balandlikda joylashgan bu aeroport tog‘li hududlarda qoyalarni kesib, yer tekislanib qurilgan. Lachin Ozarbayjondagi eng balandlikda joylashgan aeroportdir.
2021-yilda qurilishi boshlangan aeroport Lachin shahar markazidan 30 kilometr, Shusha shahridan 70 kilometr va Kalbajar shahridan 60 kilometr masofada joylashgan. Aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,000 metr uzunlikda va 60 metr kenglikda bo‘lib, terminal binosi bir soatda 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Qorabog‘dagi uchinchi xalqaro aeroport
Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov tomonidan 26-may kuni imzolangan qarorga binoan, Lachin Aeroportiga xalqaro aeroport maqomi berildi. Ushbu maqom haqida xalqaro tashkilotlarga ham ma’lumot yetkazildi. Shu tariqa, Ozarbayjondagi xalqaro aeroportlar soni to‘qqiztaga yetdi.
Bundan avval, Ozarbayjon tomonidan ozod qilingan hududlarda qurilgan birinchi aeroport – Fuzuli Xalqaro Aeroporti 2021-yil 26-oktabr kuni Erdo‘g‘on va Aliyev ishtirokida ochilgan edi.
Shuningdek, ikki yetakchi 2022-yil 20-oktabr kuni Zangilon Xalqaro Aeroportining ochilish marosimida ham ishtirok etishgan.