Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, AQSh, Isroilning G‘azoga qarshi uyushtirgan hujumlari va davom etayotgan urush xavflari haqida yaxshiroq xabardor qilinishi zarurligini qayd etdi.
«Hozirgi genotsid AQShning qo‘llab - quvvatlashi tufayli, xususan (sobiq AQSh Prezidenti Jo) Bayden davrida boshlangan siyosatlar orqali amalga oshdi. Hurmatli (AQSh Prezidenti Donald) Tramp, amaldagi vazifasiga kelish arafasidagi tashabbusi bilan otashkesim yo‘lga qo‘yilishiga hissa qo‘shdi. Shunday ekan, uning prezidentligi paytida butunlay tinchlik o‘rnashi uchun ham shaxdam qadamlar tashlanishini istaymiz. Diplomatik muhitlarning hammasi bu borada hamfikrlar. Amerikadagi yangi yetakchilik bu borada ko‘proq xabardor qilinishi, hatto, davom etgan urush xavflari haqida ularga batafsil ma’lumot berilishi zarur.
Fidan, Isroilning Falastindagi harakatlariga nisbatan bildirilgan munosabatlarga ham to‘xtalar ekan, har kim bu vaziyatga qarshi turli darajalarda bo‘lsa - da norozilik bildirayotganini ta’kidladi.
Ba’zilar o‘z e’tirozlarini ochiq – oydin bildirsa, boshqalari uni yopiq eshiklar ortida ifoda etayotganiga e’tibor qaratgan Hakan Fidan, BMTdagi ovoz berish jarayonida dunyoning 156 ta davlati Isroilga qarshi ovoz berganini yodga soldi.
Dunyodagi deyarli har bir davlat hamfikir bo‘lgan bir muammoni to‘xtata olmaslik, eng asosiy masala ekanini ta’kidlagan Fidan, «Xuddi shu nuqtada, dunyo duch kelayotgan legitimlik va tizimli inqiroz yaqqol namoyon bo‘lmoqda», - deya gapirdi.
Fidan, Isroilga qarshi turli choralar ko‘rish bo‘yicha olib borilgan faoliyatlar davom etayotganini ifoda etgan holda, «Oxir - oqibat Yevropa va AQSh — yirikroq sarmoya va siyosiy kuch olingan joylardan — tomonidan qo‘llab – quvvatlanishni davom etar ekan, insoniyatga qarshi qo‘l urilgan bu jinoyat, bu genotsid to‘xtamaydi» - dedi.
U bu holat xalqaro tizimda nafaqat qisqa muddatda, balki o‘rta va uzoq muddatda ham turli shakllarda xarajatlar keltirishi masalasi ustidan ogohlantirdi.
«Bu borada olib borilgan faoliyatlar davom etmoqda. Ammo G‘azoni e’tiborsiz qoldirmasligimiz shart» - deya gapirdi.
Turkiya Isroilning G‘azoga qarshi uyushtirgan hujumlarini to‘xtatish uchun yanada samarali qadamlar tashlab - tashlamasligi haqidagi savolga ham javob bergan Tashqi Ishlar vaziri Fidan, mavzu haqida:
«Turkiya jarayon boshidan buyon o‘z vakolat va mas’uliyat doirasidagi barcha zarur choralarni ko‘rdi. Ikki tomonli yo‘nalishda, elchini chaqirib olishdan tortib savdo aloqalarini uzishga qadar har qanday qadamlarni tashladik. Ko‘p tomonli yo‘nalishda esa, xususan Islom Hamkorlik Tashkiloti, D - 8, Yevropa ittifoqi platformalari va Arab ligasi doirasida qanday imkonlar bo‘lsa ularning hammasidan jiddiy ravishda foydalandik» - dedi.
Hakan Fidan, «Yevropa va AQSh tomonidan ochiq – oydin qo‘llab - quvvatlanayotgan genotsid, islom mamlakatlarining birgalikdagi qat’iy pozitsiyasi orqali ma’lum darajada bosim ostiga olinishi mumkin. Shunday ekan Islom davlatlari o‘zining diplomatik sa’y - harakatlarini Isroil o‘rniga AQShga qaratishi maqsadga muvofiqroq bo‘ladi degan fikrdaman» - dedi.