Federal apellyatsiya sudi Prezident Donald Trampning tug‘ma fuqarolik huquqini bekor qilishga qaratilgan harakatini konstitutsiyaga zid deb topdi va bu siyosatni AQSh bo‘ylab amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilgan quyi sud qarorini tasdiqladi.
9-AQSh Apellyatsiya Sudi Trampning ijroiy farmoni — AQSh hududida tug‘ilgan, lekin ota-onasi AQSh fuqarosi bo‘lmagan bolalarga avtomatik fuqarolik berishni bekor qilishga qaratilgan harakatini Konstitutsiyaga zid deb topdi.
Bu qaror Nyu-Gempshir shtatidagi federal sudya tomonidan chiqarilgan avvalgi qarorga mos keladi, u ham ushbu farmonni noqonuniy deb topib, butun mamlakat bo‘ylab uni amalga oshirishni taqiqlovchi qaror chiqargan edi.
Endi bu ish Oliy sudga yuborilishi mumkin, chunki sud bu masala bo‘yicha o‘nlab yillardan beri to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaror chiqarmagan.
Tug‘ma fuqarolik huquqi AQSh Konstitutsiyasining 14-tuzatmasida kafolatlangan bo‘lib, unda “AQShda tug‘ilgan yoki naturalizatsiya qilingan barcha shaxslar AQSh fuqarolari hisoblanadi” deb yozilgan.
Tramp bu qoidaning noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ta’kidlab, noqonuniy muhojirlarning farzandlariga avtomatik fuqarolik berishni ijroiy farmon orqali bekor qilishga harakat qilgan edi.
Huquqshunoslar va fuqarolik huquqlari himoyachilari bu farmonni boshidan konstitutsiyaga zid deb qoralashgan va uning jiddiy huquqiy to‘siqlarga duch kelishini ogohlantirishgan.
Apellyatsiya sudi qarori Trampning immigratsiya siyosati bo‘yicha yuzaga kelgan sud muvaffaqiyatsizliklari ro‘yxatiga yana birini qo‘shdi.
Tug‘ish orqali fuqarolikni qo’lga kiritish huquqi nimani anglatadi?
Tug‘ma fuqarolik huquqi AQShda tug‘ilgan har qanday shaxsni, shu jumladan, mamlakatda noqonuniy yashayotgan onalardan tug‘ilgan bolalarni ham AQSh fuqarosi deb tan oladi.
Bu amaliyot Fuqarolar urushidan keyin, Kongress Konstitutsiyaning 14-tuzatmasini ratifikatsiya qilganidan so‘ng boshlangan.
“AQShda tug‘ilgan yoki naturalizatsiya qilingan va uning yurisdiktsiyasiga bo‘ysunadigan barcha shaxslar AQSh fuqarolari hisoblanadi,” deb yozilgan tuzatmada.
Trampning yanvar oyida imzolangan ijroiy farmoni AQShda noqonuniy yoki vaqtinchalik yashayotgan shaxslarning farzandlariga fuqarolik berishni rad etishga qaratilgan edi.
Bu prezidentning immigratsiyaga oid qat’iy siyosatining bir qismi bo‘lib, u tug‘ma fuqarolik huquqini “noqonuniy immigratsiya uchun magnit” deb atagan.
Tramp va uning tarafdorlari tuzatmadagi “uning yurisdiktsiyasiga bo‘ysunadigan” iborasiga e’tibor qaratib, AQSh noqonuniy yashayotgan ayollardan tug‘ilgan bolalarga fuqarolik berishni rad etishi mumkinligini ta’kidlashgan.
Bir qator federal sudyalar bu noto‘g‘ri ekanligini aytib, farmonni amalga oshirishni to‘xtatish uchun butun mamlakat bo‘ylab qarorlar chiqargan.