Xitoyning mudofaa xarajatlari 2025-yilda 7,2 foizga oshadi, bu o'tgan yil bilan bir xil ko'rsatkich, deb xabar beradi AFP chorshanba kuni rasmiy hujjatga asoslanib.
Bu o'sish Pekinning qurolli kuchlarini tezkor modernizatsiya qilish va Qo'shma Shtatlar bilan strategik raqobatni chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlari fonida yuz bermoqda. Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik harbiy byudjetga ega, ammo asosiy strategik raqibi bo'lgan Qo'shma Shtatlardan ancha orqada.
Pekinning bu yil mudofaa uchun 1,78 trillion yuan (245,7 milliard dollar) sarflashi kutilmoqda — bu hali ham Vashington byudjetining uchdan biridan kamroq, deb ko'rsatilgan hukumat hisobotida. Xitoyning harbiy byudjeti o'nlab yillar davomida uning iqtisodiy rivojlanishiga mos ravishda oshib kelmoqda.
Yangi mudofaa byudjeti oshishi Xitoyning mintaqaviy ta'sirining ortishi va Tayvan bilan birlashish siyosatini aks ettiradi.
Tayvan bilan birlashish
Pekin chorshanba kuni Tayvan bilan birlashish harakatlarini "qat'iy davom ettirish" niyatida ekanligini bildirdi. Milliy qonunchilik organiga muhokama uchun taqdim etilgan hukumat hisobotiga ko'ra, mamlakat Tayvan bo'g'ozi bo'ylab iqtisodiy va madaniy almashinuvlar va hamkorlikni rivojlantirish uchun institutlar va siyosatni yaxshilaydi hamda integratsiyalashgan rivojlanishni ilgari surib, "ikkala tomondagi xitoyliklarning farovonligini oshirish"ga qaratilgan choralarni ko'radi.
Xitoy Tayvanni o'zining ajralgan provinsiyasi deb hisoblaydi, ammo Taypey o'z mustaqilligini talab qilmoqda. Shuningdek, Xitoy "bir tomonlama harakatlar va proteksionizmning barcha shakllariga qarshi chiqadi va xalqaro adolat va haqiqatni himoya qiladi," deb qo'shimcha qildi hisobotida.
"Mamlakat mustaqil tinchlik siyosatiga va tinch rivojlanish yo'liga sodiq qoladi," deyiladi unda.