Isroil Mudofaa Vaziri Isroil Kats armiyaga Eron poytaxti Tehronga kuchli zarbalar berishni buyurdi, Eronni ikki dushman davlat o‘rtasidagi sulhni buzganlikda aybladi.
“Men Bosh vazir bilan kelishgan holda IDF (armiya)ga kechagi operatsiyadan so‘ng Tehrondagi rejim nishonlari va terrorchilik infratuzilmasini neytrallashtirish uchun kuchli zarba berishni davom ettirishni buyurdim,” dedi Kats Yedioth Ahronoth gazetasi tomonidan keltirilgan bayonotida.
Katsning ta’kidlashicha, u bu zarbalarni AQSh Prezidenti tomonidan e’lon qilingan sulhni Eron tomonidan mutlaq buzilishi va Isroilga qarshi raketalar uchirilishi sababli buyurgan.
Bu voqea Isroil armiyasi jamoatchilikka boshpanalardan chiqish xavfsiz ekanligini ma’lum qilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.
Avvalroq armiya seshanba kuni Eron tomonidan yangi raketa hujumi aniqlangach, Isroil shimolida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangraganini ma’lum qilgan edi. Bu voqea Donald Tramp sulh e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi.
Eron ayblovlarni rad etdi
Biroq, Eron Isroilning sulhga kelishganidan keyin Isroilga raketa uchirganlik haqidagi da’volarini rad etmoqda, deb xabar berdi IRIB telekanali va ISNA axborot agentligi.
Mazkur ayblovlar Isroil Tramp tomonidan taklif qilingan ikki tomonlama sulhga kelishganini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi.
Dushanba kuni Tramp Isroil va Eron “12 KUNLIK URUSH”ni yakunlab, “To‘liq” va “Umumiy” sulhga kelishganini e’lon qildi. Bu urush 13-iyun kuni Isroilning Eron yadroviy inshootlari va boshqa joylarga zarba berishi bilan boshlangan edi.
Eron bunga raketa hujumlari bilan javob qaytardi. Keyinchalik, AQSh yakshanba kuni erta tongda Eronning uchta yadroviy obyektini bombardimon qilib, ularni butunlay yo‘q qilganini da’vo qildi.
Javoban, Eron dushanba kuni kechqurun AQShning Qatardagi Al-Udeyd harbiy bazasiga raketa hujumlarini amalga oshirdi.
Sulh seshanba kuni soat 04:00 GMTda kuchga kirdi va Tramp ikki tomonlama sulhni buzmaslikka chaqirdi.