Juma kuni Hindistonning g‘arbiy qismida joylashgan bir davlat maktabining tomi va devorlarining bir qismi qulab tushishi natijasida kamida 7 nafar bola halok bo‘ldi, 26 kishi jarohatlandi.
Rajasthan shtatidagi politsiya xodimi Nand Kishore AFPga bergan bayonotida: «Hozircha 7 nafar bola hayotdan ko‘z yumdi va 26 kishi jarohatlandi», - dedi
Hodisa shtat poytaxti Jaipurga taxminan 322 kilometr (200 mil) masofada joylashgan Jhalwar hududda, bir qavatli binoda sodir bo‘ldi va maktabda taxminan 60 nafar o‘quvchi, o‘qituvchi va xodimlar bor edi.
Kishorening so‘zlariga ko‘ra, tuzilma juma kuni ertalab o‘quvchilar darsda bo‘lgan paytda qulagan.
Qishloq aholisi voqea joyiga yetib borar ekan, tan jarohati olgan ko‘plab bolalarni qutqarishga ulgurdi va ularni eng yaqin atrofdagi tibbiy muassasalariga olib bordi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining qayd etishicha, bino yomon holatda bo‘lgan va bu haqida bir necha bor shikoyat mazmunida xabar berilgan. So‘nggi kunlarda hududda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilayotgan edi.
Mahalliy yangiliklarga ko‘ra, halok bo‘lgan bolalar 8 - 11 yosh oralig‘ida bo‘lgan, 2 nafar jarohatlangan o‘quvchining ahvoli esa og‘ir.
Telekanal orqali havola qilingan yangilik dasturlarida og‘ir texnika yordamida vayronalar va beton qoldiqlari olib tashlanayotgani ko‘rsatilgan.
Bosh vazir Narendra Modi ushbu fojiali hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini ifoda etar ekan, ayni vaqtda, voqeadan ziyon ko‘rgan bolalar va ularning oilalarining yonida ekanini bildirdi. Tan jarohati olganlar uchun duoda ekanini ham aytib o‘tgan Narendra Modi, rasmiylar ziyon ko‘rganlarning hammasi uchun kerakli yordamlarni ko‘rsatishini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Rajasthan shtati ta’lim vaziri Madan Dilavar bu achinarli hodisaning sabablarini o‘rganish uchun tergov o‘tkazilishini e’lon qildi.
«Bu voqeaning kelib chiqish sababini aniqlash uchun bugun yuqori darajada tergov o‘tkazaman», - dedi Dilavar bayonotida.
U, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari jarohatlangan o‘quvchilarni davolash uchun «tashkiliy choralar» ko‘rayotganini qo‘shimcha qildi.
Hindistondagi davlat maktablarida moliyalashtirish masalasida yetishmovchiliklar bor. O‘quvchilar o‘qituvchilarning yo‘qligi, binolarning harobligi va toza ichimlik suvi yoki hojatxonalar kabi asosiy sharoitlarning kamchiligi kabi muammolardan shikoyat qilayotgan edilar.
So‘nggi yillarda shahar hududlarida vaziyat yaxshilangan bo‘lsa - da, qishloq hududlarida o‘zgarishlar hali ham sekin davom etmoqda.