Turkiya Respublikasi Razvedka Tashkiloti rahbari Ibrahim Kalin Turkiya - Suriya munosabatlarini qayta jonlantirish niyatida Suriya poytaxti Damashqqa tashrif uyushtirdi.
Unda Suriya barqarorligi va mintaqaviy hamkorlikni yangilash uchun chegara xavfsizligi, terror guruhlarini qurolsizlantirish va muhojirlarning o‘z yurtiga qaytishi kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Tashrif haqida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra Milliy Razvedka Tashkiloti (MRT) rahbari Ibrahim Kalin poytaxt Damashqda Suriya Davlat rahbari Ahmad Shara, Tashqi Ishlar vaziri Asad Shayboniy va Razvedka rahbari Husayin Saloma bilan oliy darajali uchrashuv o‘tkazdi.
Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan va bir necha soat davom etgan uchrashuvlarning asosiy moddasi o‘zaro munosabatlarni qayta jonlantirish va uzoq yillar davom etgan ichki urush ortidan Suriya barqarorligini ta’minlashdan iborat edi.
Kalin, Turkiyaning, Suriyaning hududiy yaxlitligi va siyosiy erkinligiga bo‘lgan hurmatini ta’kidladi. Shuningdek Anqara, tartibni qayta tiklash va davlat muassasalarini yangidan qurish sa’y - harakatlarida Damashqni qo‘llab - quvvatlashga tayyor ekanini ifoda etdi.
Turk rasmiylar tomonidan Ibrahim Kalinning: «Turkiya, Suriyaning birlik va birdamligi hamda uzoq muddatli barqarorligiga sodiqdir», - degan so‘zlariga e’tibor qaratildi.
Terrorizmga qarshi kurashda chegara xavfsizligi
Muzokaralarda umumiy xavfsizlik masalasi ustidan hamkorlik qilish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi. Tomonlarning qurolli guruhlar, ayniqsa PKK/YPG terror tashkilotining qurolsizlantirilishi va yangi Suriya doirasiga kiritilishi masalasini muhokama qilganliklari ifoda etildi.
Turk rasmiylar chegara yaqinidagi terror faoliyatlari haqida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan tashvishlarni takror ta’kidlab, bu holat, har ikki davlat chegaralari xavfsizligi uchun ham muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
Muzokaralarda shuningdek, DEASh bilan aloqali qamoqxonalar bilan nazoratga olish lagerlarining Suriya hokimiyatiga topshirilishi masalasi ham muhokama qilindi. Anqara, bu tashabbusning uzoq muddatli mintaqaviy xavfsizlik uchun muhim ekaniga ishonadi.
Muzokaralar chegara boshqaruvi, muhim bojxona punktlarini qayta ochish va savdo yo‘llarini qayta qurish kabi keng strategik masalalarni ham o‘z ichiga oldi. Turkiya, urush tufayli jiddiy ziyon ko‘rgan bu muhim infratuzilma nuqtalarini qayta tiklash masalasida Damashqqa yordam berish istagini ham yetkazdi.
Mintaqaviy taraqqiyot kun tartibida
Kalin bilan Suriya yetkachiligi, mintaqadagi mavjud tarangliklarni ham chetda qoldirmadi. Isroilning Suriya hududlarini nishonga olgan keskin havo hujumlari va tez - tez qayd etilgan havo hududi paymollari ham bunga doxil.
Shuningdek, Suriyaga qarshi yo‘lga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalarning bekor qilinishi va DEASh terror tashkilotining qoldiqlari bilan kurashish ham ustuvor masalalar qatoridan o‘rin oldi.
Yana bir muhim mavzu esa suriyalik muhojirlarning ixtiyoriy va xavfsiz ravishda o‘z yurtiga qaytishi edi.
Turk rasmiylar muhojirlarning o‘z yurtiga qaytishlarini qulaylashtirish uchun zarur bo‘lgan logistik va xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash masalasida Damashq bilan hamkorlik qilish istagini ham bildirdi.