Xitoyning janubi-g‘arbiy qismidagi Guizhou provinsiyasida kuchli shamol sababli sayyohlarni olib ketayotgan qayiq ag‘darilib, kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi va 70 kishi shifoxonaga yotqizildi, deb xabar berdi davlat ommaviy axborot vositalari.
Davlat telekanali CCTVning dushanba kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni tushdan keyin Qianxi shahridagi daryo bo‘yida ikki yo‘lovchi qayig‘i ag‘darilib, 84 kishi suvga tushib ketgan.
Dushanba tongiga kelib, to‘qqiz kishi halok bo‘lgani, 70 kishi shifoxonaga yotqizilgani va to‘rt kishi jarohatsiz qutulib qolgani ma’lum qilindi. Bir kishi esa bedarak yo‘qolgan.
Xitoy Prezidenti Si Szinpin qidiruv-qutqaruv ishlarini va jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatishni “bor kuch bilan” davom ettirishni buyurdi, deb xabar berdi davlat axborot agentligi Xinhua.
Si, shuningdek, “sayyohlik maskanlari va boshqa yirik jamoat joylarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish muhimligini” ta’kidladi, dedi agentlik.
Davlat ommaviy axborot vositalarining qo‘shimcha qilishicha, Bosh vazir o‘rinbosari Zhang Guoqing voqea joyiga qutqaruv ishlarini nazorat qilish uchun yuborilgan.
CCTVning xabariga ko‘ra, tergov natijasida qayiqda yo‘lovchilar soni me’yordan oshmaganligi aniqlangan.
Yakshanba kungi hodisa Xitoyda ikki oydan ortiq vaqt ichida sodir bo‘lgan ikkinchi yirik qayiq halokati bo‘ldi. Bundan oldin, Hunan provinsiyasida yo‘lovchi qayig‘i sanoat kemasiga urilib, 11 kishi halok bo‘lgan edi. Ushbu hodisada 19 kishi suvga tushib ketgan.