Isroil o‘zining “Eronning yadroviy va harbiy ob’yektlari” deb atagan joylariga zarbalar berdi. Eron matbuoti Tehron shahrida portlashlar sodir bo‘lganini va armiya bosh qo‘mondoni Muhammad Bog‘iriy hamda Inqilobiy Gvardiya rahbari Husayn Salamiy o‘ldirilganini xabar qildi.
“Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Muhammad Bog‘iriy shahid bo‘ldi,” deb xabar berdi telekanal.
Bog‘iriy 2016-yildan buyon Eron qurolli kuchlariga rahbarlik qilib kelayotgan edi va Tehronning ballistik raketa dasturining asosiy me’mori sifatida tanilgan.
Salamiy esa Eron harbiy rahbariyatining muhim shaxsi bo‘lib, Inqilobiy Gvardiya Korpusining (IRGC) eng taniqli qo‘mondonlaridan biri edi.
Eron davlat matbuoti xabariga ko‘ra, armiya qo‘mondonining o‘rinbosari general G‘ulom Ali Rashid, yadro olimlari Fereydun Abbosiy, Muhammad Mahdiy, Abdolhamid Minucher va Ahmadreza Zulfag‘oriy ham hujumlarda halok bo‘lgan.
“Tehronning turli joylarida kuchli portlashlar eshitilmoqda,” deb xabar berdi davlat televideniyesi va hujumlarda ko‘plab odamlar, jumladan, tinch aholi vakillari halok bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Portlashlar Isfahon viloyatining Natanz shahrida ham eshitilgan, bu hudud Eronning asosiy yadroviy obyektlaridan biri hisoblanadi, deb qo‘shimcha qildi davlat televideniyesi.
“Isfahon viloyatidagi Natanz uran boyitish zavodida yangi portlash eshitildi,” deb xabar berdi telekanal bir necha soat o‘tib va zavoddan qalin qora tutun ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroil hujumlarini “xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi” deb qoraladi. Vazirlik qisqa bayonotida Eron “keskin javob berish huquqini saqlab qolishini” va “Isroil rejimi o‘z tajovuzining oqibatlariga duch kelishini” ta’kidladi.
Eron qurolli kuchlari Isroil hujumiga “kuchli javob” berishga va’da berdi va Tel-Aviv “og‘ir narx to‘lashini” qo‘shimcha qildi.
‘Barcha chegaralarda tayyorgarlik’
Yaqinda Isroil harbiylari bayonotida “IAF (Isroil Harbiy Havo Kuchlari) o‘nlab harbiy obyektlarga, jumladan, Eronning turli hududlaridagi yadroviy obyektlarga zarba bergan birinchi bosqichni yakunladi,” deb ma’lum qildi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Isroil Eronning yetakchi yadro olimlarini nishonga olganini va Tehronning ballistik raketa dasturining markaziga zarba berganini da’vo qildi.
Isroil tomonidan nima nishonga olingani darhol aniqlanmagan bo‘lsa-da, Tehronning g‘arbiy qismidagi Chitgar mahallasidan tutun ko‘tarilgani xabar qilindi. Ushbu hududda ma’lum yadroviy ob’yektlar yo‘q, ammo zarbalar mamlakatning boshqa qismlariga ham berilganmi, hozircha noma’lum.
Isroil Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Eyol Zamir Isroil o‘n minglab askarlarni safarbar qilayotganini ma’lum qildi.
“Biz barcha chegaralarda tayyormiz. Bizga qarshi chiqishga uringan har qanday kishi og‘ir narx to‘laydi,” dedi Zamir.
AQSh Eronni nishonga olishda ishtirok etmaganini ma’lum qildi
Isroil harbiy rasmiysi Isroil Eronning yadroviy obyektlarini nishonga olganini, ammo ularni aniqlamaganini aytdi. Rasmiy hujum davom etayotganini va “harbiy ob’yektlar” ham nishonga olinganini qo‘shimcha qildi.
Isroil Mudofaa vaziri Yisroil Kots Isroil harbiylari Eronni nishonga olayotganini va bir vaqtning o‘zida Isroilda favqulodda holat e’lon qilinganini ma’lum qildi.
Kots, shuningdek, Isroilda “maxsus holat” e’lon qilganini va juma kuni mamlakat bo‘ylab maktablar yopilishini aytdi. U zarbalarni Tehronga qarshi “oldini olish” maqsadida amalga oshirilgan hujum deb atadi.
“Isroilning Eronni oldindan nishonga olgan hujumidan so‘ng, Isroil davlati va uning tinch aholisi darhol raketa va dron hujumlariga duch kelishi kutilmoqda,” dedi Isroil Mudofaa vazirligi bayonotida.
Bu orada, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Isroilning bir tomonlama harakat qilganini aytdi.
“Isroil bir tomonlama harakat qildi. Biz Eronni nishonga olishda ishtirok etmadik,” dedi Rubio bayonotida.
“Eron AQSh manfaatlari yoki xodimlarini nishonga olmasligi kerak,” deb qo‘shimcha qildi u.