Juma kuni Jenevada Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish maqsadida yuqori darajadagi diplomatik muzokaralar boshlanadi. Bu xalqaro uchrashuv Yaqin Sharqda kengroq mojaroni oldini olish uchun dunyo davlatlari tomonidan tashkillashtirilmoqda.
Uchrashuv davomida ikki haftalik muddat ichida keskinlikni tinch yo‘l bilan hal qilishga harakat qilinadi. Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning yuqori martabali diplomatlari Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi bilan Tehronning yadro dasturi va mojaroni oldini olish yo‘llarini muhokama qilishadi.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Jenevadagi uchrashuv mintaqada ochiq mojaro xavfi ortib borayotgan bir paytda o‘tkazilmoqda. Rasmiylar bu muzokaralar NATO rahbarlarining kelasi hafta Gagada bo‘lib o‘tadigan sammiti oldidan diplomatik harakatlarni kuchaytirishga qaratilganini aytmoqda. Mazkur sammitda Yaqin Sharq xavfsizligi bo‘yicha kengroq muhokamalar rejalashtirilgan.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammi X ijtimoiy tarmog‘ida vaziyatning jiddiyligini ta’kidladi: “Yaqin Sharqdagi vaziyat xavfli bo‘lib qolmoqda. Biz Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi uchun qat’iy harakatdamiz.”
Lammi Oq uyda AQSh davlat kotibi Marko Rubio va AQShning maxsus vakili Stiv Vitkoff bilan “mojaroni chuqurlashtirishdan qochish uchun qanday kelishuvga erishish mumkinligi” haqida gaplashganini aytdi.
“Hozirgi ikki haftalik muddat ichida diplomatik yechim topish imkoniyati mavjud,” dedi Lammi.
U shuningdek, “Juma kuni Jenevaga yo‘l olaman va Eron tashqi ishlar vaziri bilan fransuz, nemis va Yevropa Ittifoqi hamkasblarim bilan birga uchrashaman. Endi Yaqin Sharqdagi og‘ir vaziyatni to‘xtatish va hech kimga foyda keltirmaydigan mintaqaviy keskinlikni oldini olish vaqti keldi,” deya qo‘shimcha qildi.
Gagada 24–25 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida AQSh prezidenti Donald Tramp, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va boshqa alyans rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.