IQTISODIYOT
2 daqiqa o'qish
Suriya bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasida investitsiya forumi oʻz ishini boshladi
Suriya bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasida boshlagan investitsiya forumi, Suriyada Asad rejimi qulashi bilan boshlangan siyosiy oʻtish jarayonidan keyin ikki davlat oʻrtasida uyushtirilgan birinchi yirik iqtisodiy hamkorlik hisoblanadi.
Suriya bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasida investitsiya forumi oʻz ishini boshladi
24 июл 2025

Bugun Suriya bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasida poytaxt Damashqda birinchi qoʻshma investitsiya forumi oʻz ishini boshladi. Ushbu forum davomida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida 6,4 milliard dollarlik kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Damashqdagi Prezident saroyida uyushtirilgan mazkur forum Suriya Prezidenti Ahmad al - Sharaa va Saudiya Arabistonining Investitsiyalar vaziri Xolid al - Falih boshchiligidagi oliy darajali hay’at ishtirokida ochildi.

Unda soʻzga chiqqan al - Falih ikki tomon 47 ta kelishuv va anglashuv memorandumi imzolashi, ularning umumiy qiymati 24 milliard Saudiya riyalini (taxminan 6,4 milliard dollar) tashkil etishini ma’lum qildi.

Bu kelishuvlar sanoat, energetika, qurilish va kiberxavfsizlik kabi keng koʻlamli sohalarni oʻz ichiga oladi.

Al - Falihning qoʻshimcha qilishicha, Saudiya Arabistonining «Bayt al - Ibaa» kompaniyasi tomonidan Xoms shahrida yirik tijorat loyihasini rivojlantirish bo‘yicha asosiy kelishuv imzolanadi. Ushbu loyiha daromadlari Suriya jamoalarini qoʻllab - quvvatlash uchun sarflanadi.

Shuningdek, vazir forum kun tartibida 4 milliard riyal (1,66 milliard dollar) qiymatidagi kiberxavfsizlik boʻyicha ham kelishuvlar imzolanishiga e’tibor qaratdi.

Suriya davlat axborot agentligi SANAning xabar berishicha, mamlakat Axborot vaziri Hamza al - Mustafa ushbu kelishuvlar Suriya boʻylab 14 viloyatda 50 ming ish oʻrni yaratishga yordam berishini bildirdi.

Axborot vaziri al - Mustafa: «Bu bitimlar mamlakatning har bir hudud va har bir sohani oʻz ichiga oladi. Ular mamlakatning biror bir qism bilangina cheklanmaydi», - dedi.

Forum Damashq va Riyod oʻrtasidagi munosabatlarning yaxshilanishida muhim qadam hisoblanadi. Oʻtgan 2024 - yili Bashar al - Asad rejimi qulashi ortidan Suriyaning yangi yetakchiligi iqtisodiy va siyosiy islohotlarni boshlab, mintaqadagi va dunyodagi hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirishga intilmoqda.

Suriyaning qariyb 25 yil boshqargan Asad, 2024 - yilning dekabr oyida Rossiyaga qochib ketdi va natijada 1963 - yildan beri hokimiyatda boʻlgan Baas partiyasi rejimi tugadi. Yanvar oyida esa Sharaa boshchiligida yangi davr boshlandi.

 

 

TRT Globalni kuzatib boring. Fikr-mulohazalaringizni baham ko'ring!
Contact us