TURKIYA
4 daqiqa o'qish
HAVELSAN muassasalar uchun xavfsiz sun'iy intellekt ishlab chiqardi
HAVELSAN ma’lumotlar xavfsizligi nuqtai nazaridan ChatGPT va Gemini kabi sun’iy intellekt dasturlari muassasalar uchun mos emasligini ifoda etib, internetga ulanmasdan ishlaydigan xavfsiz MAIN tizimini ishlab chiqarqanini ma'lum qildi.
HAVELSAN muassasalar uchun xavfsiz sun'iy intellekt ishlab chiqardi
24 июл 2025

Turk dasturiy ta’minoti va yirik mudofaa sanoati HAVELSAN kompaniyasi ma’lumotlar xavfsizligi nuqtai nazaridan ChatGPT va Gemini kabi internetga ulangan sun’iy intellekt dasturlari tashkilotlar uchun mos emasligini ifoda etgan holda internetga ulanmasdan ishlaydigan, xavfsiz va MAIN deb nomlangan sun’iy intellekt tizimini muqobil sifatida ishlab chiqarganini e’lon qildi.

HAVELSAN Biznes rivojlantirish direktori Arif Furkan Mendi Istanbulda uyushtirilgan IDEF - 2025 Xalqaro Mudofaa sanoati ko‘rgazmasida Anado‘lu axborot agentligiga intervyu berdi va unda MAIN tizimining to‘liq oflayn rejimda ishlaydigan, tashkilotlarga maxsus sun’iy intellekt yordamchisi ekanini qayd etdi.

«Bu tizim internetga ulanmagan holda ishlovchi sun’iy intellekt yordamchisi sifatida xizmat beradi», - degan Mendi, Turkiyadagi tashkilotlar keng ko‘lamli ma’lumotlarga ega ekani va ularni anglash uchun esa maxsus infratuzilma zarurligini ta’kidladi. 

Mendi so‘zlari davomida: «ChatGPT yoki Gemini kabi ochiq manbali suhbat botlari kundalik hayotimizda tez - tez qo‘llanilmoqda ammo ularni muassasa vositalari sifatida ishlatish ma’lumot xavfsizligi jihatidan unchalik ham tafsiya qilinmaydi. Ma’lumotlarning chet elga uzatilishi yoki internet orqali butun dunyoga ochiq bo‘lishi jiddiy kiberxavfsizlik xavflarini tug‘diradi», - dedi.

HAVELSAN tomonidan ishlab chiqilgan MAIN tizimi orqali tashkilotlarga xavfsiz infratuzilma taqdim etilayotganini ta’kidlagan Mendi, sun’iy intellekt xizmati butunlay tashkilot ichida, tashqi dunyo bilan hech qanday aloqasiz ishlashini o‘z so‘ziga ilova etdi.

Mendi shuningdek: «Ma’lumotlar butunlay tashkilot ichida qoladi. Biz bu infratuzilmani serverlar bilan birga ta’minlaymiz va ma’lumotlarning tashqariga chiqishiga hech qanday holatda yo‘l qo‘ymaymiz» - dedi.

Mendi, MAIN tizimidan foydalanishni boshlaydigan tashkilotlar sun’iy intellektdan keladigan samaradorlik va xarajat afzalliklaridan ham foyda olishini, bu holat ayniqsa davlat va xususiy sektor uchun muhim yutuq ekanini ta’kidladi.

Mendi HAVELSAN faqat MAIN bilan emas, balki turli parametr sonlariga ega bo‘lgan ko‘plab sun’iy intellekt modellarini ham taklif qilayotganini bildirdi. Bu modellar orasida 9 milliard va 70 milliard parametrli modellar, shuningdek, yanada yirik modellar ham mavjud. “Tashkilotlarda mavjud bo‘lgan ma’lumot turlariga qarab turli modellarni qo‘llaymiz. Bu orqali juda turli sohalarga xizmat ko‘rsata olamiz,” dedi u.

Mendi, MAIN tizimi faqat harbiy maqsadlar uchun emas balki dasturiy ta’minot ishlab chiqish jarayonlarida ham qo‘llanilishiga e’tibor qaratdi. Tizim faqatgina ishlab chiqaruvchilarga yordam berish bilan cheklanmay, ayni vaqtda, tezkor ekran va dastur yaratish kabi sohalarga ham hissa qo‘shadi.

Mendi, «Past kodli ishlab chiqish platformamiz orqali tezkor ekran dizayni va ilova ishlab chiqish kabi dasturiy jarayonlarda ham foydalanuvchiga yordam beryapmiz», - deya gapirdi.

HAVELSAN davlat muassasalari uchun xavfsiz sun’iy intellekt yechimlarini taqdim etmoqda

HAVELSAN kompaniyasi turli sohalarga xizmat bera oluvchi sun’iy intellekt asosidagi infratuzilmalar taqdim etganini ta’kidlagan Arif Furkan Mendi, MAIN tizimining davlat muassasalarida qo‘llanilishi haqidagi bir savolga ham javob berdi.

HAVELSAN kompaniyasi Turkiyada davlat sektorida raqamli transformatsiyaga yetakchilik qilayotgani va bu jarayon ayniqsa axborot hamda aloqa texnologiyalari orqali amalga oshayotganini bildirdi.

«MAINni avvalom bor davlat muassasalarida yo‘lga qo‘yishni istaymiz. Bu orqali davlatga oid katta hajmdagi ma’lumotlar xavfsizligini orttirib, unumdorlikni oshirmoqchimiz. Bu transformatsiyadan so‘ng ma’lumotni butun Turkiya bo‘ylab tarqatishni va oxir - oqibat yakuniy foydalanuvchiga yetkaziladigan tizim yaratishni rejalashtiryapmiz» - dedi Arif Furkan Mendi.

Axborot texnologiyalari va mudofaa sanoati sohalarida faoliyat yuritayotgan turk dasturiy ta’minot va tizim kompaniyasi HAVELSAN, Istanbulda uyushtirilgan 17 - Xalqaro Mudofaa sanoati ko‘rgazmasida (IDEF) ko‘plab mahsulot va xizmatlarini namoyish etmoqda.

Bu mahsulotlar orasida ko‘p qirrali buyruq va boshqaruv mexanizmlari, sun’iy intellekt yordamida qaror qabul qilish tizimlari va gibrid operatsion platformalar mavjud. HAVELSAN ko‘rgazmaga «Mudofaa uchun sun’iy intellekt» shiori ostida ishtirok etmoqda.

Shu bilan on yettinchisi uyushtirilgan ko‘rgazma bir vaqtning ozida Istanbul ko‘rgazma markazi, Ataturk aeroporti, Wow mehmonxonasi va Atakoy Marinada otkazilmoqda.

Seshanba kuni boshlangan olti kunlik tadbir prezident homiyligida Milliy Mudofaa vazirligi, Mudofaa Sanoati yetakchiligi va Turk Qurolli kuchlari kuchini mustahkamlash jamgarmasi bilan muvofiqlashtirilgan holda uyushtirilmoqda.

Bu yilgi tadbirda dunyoning 103 davlatdan vazirlar, bosh shtab boshliqlari va oliy darajali rasmiy vakillar ishtirok etar ekan 44 davlat o‘z stendlarini ochdi. Ko‘rgazmada 900 dan ortiq mahalliy va 400 ga yaqin xorijiy mudofaa sanoati kompaniyalari tanishtirilmoqda.

TRT Globalni kuzatib boring. Fikr-mulohazalaringizni baham ko'ring!
Contact us