Tramp ma'muriyati AQShning Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) operatsiyalariga yordam berish uchun Floridaga taxminan 200 nafar dengiz piyodalarini yubormoqda, deb xabar berdi AQSh Shimoliy qo'mondonligi (NORTHCOM).
“Shimoliy Karolinadagi Marine Corps Air Station New River bazasidan Marine Wing Support Squadron 272 tarkibidagi taxminan 200 nafar dengiz piyodasi Floridaga ko‘chirilmoqda. Ular ICEning ichki immigratsiya nazorati missiyasini muhim ma'muriy va logistika imkoniyatlari bilan kuchaytirish uchun ICE tomonidan belgilangan joylarda xizmat qiladi,” deyiladi NORTHCOMning payshanba kuni bergan bayonotida.
“Bu dengiz piyodalari AQSh Shimoliy qo‘mondonligining (USNORTHCOM) ICE missiyasini qo‘llab-quvvatlashdagi birinchi to‘lqinidir.”
Bayonotda boshqa qo‘llab-quvvatlash joylari orasida Luiziana va Texas shtatlari ham bo‘lishi aytilgan.
Shuningdek, dengiz piyodalari faqat ma'muriy va logistika vazifalarini bajarishi, ICE qamoqxonasidagi shaxslar bilan bevosita aloqada bo‘lishlari taqiqlanishi ta'kidlangan.
Los-Anjelesdagi notinchlik
Mazkur e'lon Kaliforniyaning Los-Anjeles shahrida ICE agentlari va norozilik bildirgan namoyishchilar o‘rtasida zo‘ravon to‘qnashuvlar yuz berganidan bir necha hafta o‘tib e'lon qilindi.
Dastlabki to‘qnashuvlardan so‘ng, Tramp AQShning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Los-Anjelesga Milliy gvardiya va dengiz piyodalarini yuborishni buyurdi. Ular tinch aholini hibsga olishni boshladi va shahar notinchlikka yuz tutdi.
Kaliforniya gubernatori Geyvin Nyusom va Los-Anjeles meri Karen Bass harbiylarning shahar ichida qo‘llanilishiga qarshi chiqib, prezidentni “Los-Anjelesni noqonuniy harbiylashtirishda” ayblashdi.
Tramp keyinchalik ICEga immigratsiya reydlarini demokratlar nazoratidagi shaharlarga kengaytirishni buyurdi, bu esa Los-Anjelesdagi notinchliklarning takrorlanish ehtimolini ko‘rsatdi.