Bangladesh poytaxti Dakkada qiruvchi samolyotning maktablardan biriga qulashi oqibatida kamida 27 kishi halok boʻldi. Ularning koʻpchiligi bolalardan iborat. Hukumat rasmiylarining ma’lum qilishicha, halok boʻlganlar soni avvalroq kamida 20 nafar deb qayd etilgandi.
Dushanba kuni Xitoyda ishlab chiqarilgan F - 7 BJI rusumidagi qiruvchi samolyot Milestone kolleji binosiga urilganida halok bo‘lganlarning koʻpchiligi darslaridan endigina chiqqan talabalar edi.
Sogʻliqni Saqlash va oila farovonligi vazirligi Bosh maslahatchisining maxsus yordamchisi Sayedur Rahmon seshanba kuni «Hozirgacha 27 kishi halok boʻldi. Ulardan 25 nafari bolalar, 1 nafari esa uchuvchi», - der ekan 78 kishi turli shifoxonalarda davolanayotganini ifoda etdi.
Bangladesh armiyasi dushanba kuni bergan bayonotida uchuvchi, leytenant Tovkir Islom har doimgidek mashg‘ulot oʻtayotgani va samolyotda mexanik nosozlik paydo boʻlgani bois halokat yuz bergan boʻlishi mumkinligini bildirdi.
Bayonotda, «Aniq sabab haligacha tekshirilmoqda» deyilar ekan uchuvchining samolyotni aholi zich joylashgan joylardan uzoqlashtirishga harakat qilgani lekin ikki qavatli maktab binosiga urilgani ifoda etildi.
Muhammad Yunusning muvaqqat hukumati seshanba kunini milliy motam kuni deb e’lon qildi.
Yunus «X» platformasida qoldirgan postda, voqea yuzasidan chuqur qaygʻuda ekanini bildirgan holda: «Harbiy - havo kuchlari, Milestone kolleji talabalari, ota - onalar, oʻqituvchilar, xodimlar va boshqa jabrlanganlarning yoʻqotishlarini tuzatib boʻlmaydi. Bu xalqimiz uchun juda ogʻir yoʻqotish va qaygʻuli voqeadir». – dedi.