DUNYO
2 daqiqa o'qish
Hamas Isroilning G‘azoga havo orqali yuborgan yordamlarini «yolg‘on targ‘ibot» deb baholadi
Hamas Isroilning «ochlik va genotsid kampaniyasi» deb ta’riflagan qamali tugashi uchun global miqyosda bosim o‘tkazilishini talab qilib, «yolg‘on targ‘ibot»ga qarshi ogohlantirdi.
Hamas Isroilning G‘azoga havo orqali yuborgan yordamlarini «yolg‘on targ‘ibot» deb baholadi
28 июл 2025

Falastinlik qarshilik guruhi Hamas, Isroilning qamal ostidagi G‘azoga havo orqali cheklangan miqdorda insonparvarlik yordami tashlash rejasini «yolg‘on targ‘ibot» deb baholadi va bu qadam Isroilning o‘z obro‘sini tiklashga qaratilgani, shu bois ham boshqa tomonda vayronkor blokadasini davom ettirayotganini bildirdi.

Hamas tomonidan berilgan bayonotda, Isroilning yordam paketlari bilan soxta insoniy yo‘laklarini «ocharchilikni to‘xtatish uchun emas, balki uni boshqarish uchun» foydalanayotgani aytildi. Ushbu siyosat tinch aholini ko‘proq xavf va xo‘rlikka duchor qilayotgani, ularni himoya qilish o‘rniga yanada zaiflashtirayotgani ta’kidlandi.

Bayonotda: «Hamasga ko‘ra Isroilning G‘azoda yo‘lga qo‘ygan vahshiy ochlik siyosatini tugatishning yagona yo‘li — hujumlarni to‘xtatish, blokadalarni to‘liq bekor qilish va BMT nazorati ostida xavfsiz va doimiy ravishda yordam yetkazib berilishini ta’minlaydigan yer yo‘llarini ochishdir» - degan ifodalarga o‘rin berildi.

Hamas Isroilning «ochlik va genotsid kampaniyasi» deb ta’riflagan qamali tugashi uchun global miqyosda bosim o‘tkazilishini talab qilib, «yolg‘on targ‘ibot»ga qarshi ogohlantirdi.

Vaqtinchalik otashkesim

Isroil armiyasi yakshanba kuni ertalabdan G‘azoning ayrim hududlarida taktik va mahalliy darajadagi harbiy amaliyotlari to‘xtatilganini e’lon qildi.

«Yedioth Ahronoth» gazetasining xabar berishicha, armiyaning matbuot xizmati voizi mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan boshlab (0700GMT) markaziy, janubiy va shimoliy G‘azoning ayrim qismlarida al - Mevasi, Dayr al - Balah va G‘azzo shahrining ayrim hududlarida vaqtinchalik otashkesim yo‘lga qo‘yilganini bildirdi.

Al – Mevasi Dayr al - Balahning janubi - g‘arbidagi sohilbo‘yidan boshlab Xan Yunus g‘arbidan Rafohning g‘arbigacha cho‘zilgan qumli qirg‘oq zonasi hisoblanadi. Bu hudud hozirda o‘z uy – joyidan ko‘chirilgan minglab falastinlik uchun boshpanaga aylangan.

Mazkur bayonot, Isroilning «Kanal 12» telekanali orqali Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Izrail Kats va Tashqi Ishlar vaziri Gidon Saar kabi rasmiylarning vaqtinchalik otashkesim masalasi ustidan kelishib olgani ma’lum qilinishidan bir necha soat o‘tib berildi. Otashkesimning qancha davom etishi hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz:

Joriy yilning 27 - mayidan beri Isroil G‘azo Insonparvarlik Jamg‘armasi (GHF) orqali BMT va xalqaro yordam tashkilotlarini chetlab o‘tib, alternativ yordam tarqatish tashabbusini boshlatdi. Bu harakat, global yordam hamjamiyati tomonidan asosan rad etildi. G‘azo Insonparvarlik Jamg‘armasi (GHF), AQSH tomonidan qo‘llab - quvvatlanayotgan tuzilma sifatida tanilmoqda.

 

TRT Globalni kuzatib boring. Fikr-mulohazalaringizni baham ko'ring!
Contact us