Nepal «Bir makon, bir yo‘l» rejasi ustidan Xitoy bilan asosiy kelishuvlardan birini, ramka shartnomasini imzoladi. Nepal Tashqi Ishlar vazirligi tomonidan haftaning chorshanba kuni berilgan bayonotga ko‘ra, yetti yil oldin imzolangan birinchi kelishuvdan beri hech qanday qadam tashlanmagan. Bu yangi kelishuv, loyihalar ustidan olib boriluvchi hamkorliklarning yo‘lini ochmoqda.
Nepal Bosh vaziri K. P. Sharma Oli joriy yilning iyul oyida qasamyod qilib o‘z lavozimga kirishishi ortidan chet elga bo‘lgan ilk rasmiy tashrifini amalga oshirish uchun dushanbadan beri Pekinda. Har doimgi an’analarni buzib, Nepalning asrlardan beri mustahkam aloqalarga ega bo‘lgan Yangi Dehli o‘rniga, birinchi rasmiy tashrifini Xitoyga yo‘lga qo‘ydi.
Nepal bilan Xitoy 2017 - yili Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning, Xitoyning infratuzilma va savdo aloqalarini dunyo bilan rivojlantirishni ko‘zda tutgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi uchun preliminar (dastlabki) kelishuv imzolagan edi.
Biroq, hamkorlik uchun zarur bo‘lgan asosiy hujjat belgilanmagani va Nepalning siyosiy partiyalaridan yakdillik ta’minlanmagani bois o‘tgan yetti yil davomida mavzu ustidan hech qanday loyiha rejalashtirilmadi yoki boshlatilmadi.
Qarz tashvishlari
Chorshanba kuni kelishuvning imzolanishi, har ikki mamlakatning ham bundan buyon loyihalar tafsilotlari ustida ishlashi, ularning yo‘llarni yaxshilashlari va transport yo‘laklarini o‘z ichiga olishi mumkinligi hamda moliyalashtirish usullarining qanday ta’minlanishini belgilashidan dalolat bermoqda.
Bu orada qarz tashvishlari, Olining koalitsion hukumati ichida bahslarga yo‘l ochdi. Olining muhim qo‘llovchisi bo‘lgan Nepal Kongress partiyasi, kreditlar bilan moliyalashtirilishi kerak bo‘lgan har qanday loyihaga qarshi chiqmoqda.
Nepal Tashqi Ishlar vazirligi «X» ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan bir postda, «Bugun bir makon, bir yo‘l loyihasi ustidan hamkorlik shartnomasi imzolandi», - dedi ammo mavzu haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Xitoy, Katmanduning taxminan 125 km g‘arbida joylashgan Nepalning ikkinchi yirik shahri Poxarada xalqaro aeroport qurish uchun Nepalga 216 million dollar kredit berdi. Aeroport o‘tgan yili ishga tushirildi.
Biroq, Pekinning «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi muvaffaqiyatining bir ramzi sifatida qabul qilingan va Xitoy tomonidan qurilgan aeroport, bugungi kunda xalqaro qatnovlar kamligi kabi muammolarga qarshi kurash olib bormoqda. Chunki, Hindiston, nomi tilga olingan aeroportga boradigan samolyotlarning havo hududlariga kirishini rad etdi.