Turkiya ertaga, 22 - avgust juma kuni, mamlakatning sharqida joylashgan va Janubiy Kavkazda rejalashtirilgan muhim o‘tish yo‘lagi hisoblangan Zangazur yo‘lagining strategik qismini tashkil etuvchi yirik temir yo‘li loyihasining poydevorini qo‘yadi.
Turkiya Respublikasi Transport va infratuzilma vaziri Abdulkadir Uralo‘g‘lu bugun mavzu haqida bergan bayonotida, 224 kilometr uzunlikdagi Kars - Ig‘dir - Aralik - Diluju temir yo‘li liniyasining yo‘lak ichida muhim bog‘lovchi yo‘l sifatida xizmat qilishi va Ozarbayjonni Naxchivon eksklavi bilan bog‘lashini ma’lum qildi.
Uralo‘g‘lu bir yilda 5,5 million nafar yo‘lovchi, 15 million tonna yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan temir yo‘lining 5 ta tunnelni o‘z ichiga olishini ifoda etdi. Shuningdek, Turkiya Moliya va g‘aznachilik vazirligi tomonidan olib borilgan sa’y - harakatlar natijasida 2,79 milliard dollarlik tashqi moliyalashtirish ta’minlanganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Bu haqida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan Oq uyda qo‘shma deklaratsiya imzolangan uch tomonlama sammitdan bir necha kun o‘tib ma’lum qilindi.
Kelishuv Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida o‘n yillardan beri davom etgan mojarolarni to‘xtatishni, munosabatlarni normallashtirish va Zangezur yo‘lagi doxil barcha transport yo‘lini qayta ochishni ko‘zlamoqda.
Rejalashtirilgan yo‘lak yoki koridor loyihasi, anchadan beri unga qarshilik ko‘rsatib kelgan Eronga yoqmadi. Chunki Eron, bu loyiha, Armaniston ustidagi ta’siri yoki kuchini zaiflatish imkoniga ega degan fikrda.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkian, dushanba kuni, Armaniston yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazish va tranzit yo‘li haqida gaplashish uchun Yerevanda bo‘lib qaytdi.
Tahlilchilarning fikricha, temir yo‘l loyihasi va yaqinda imzolangan tinchlik deklaratsiyasi Janubiy Kavkazdagi savdo va transportini qayta shakllantirishi mumkin.