Bugun (7 - sentabr 2025 yil) ertalab Rossiya tomonidan Ukraina poytaxti Kiyevga qarshi insonsiz havo transportlari va raketalar orqali hujum uyushtirildi. Oqibatida kamida ikki kishi halok boʻlar ekan, oʻn besh kishi tan jarohati oldi. Bundan tashqari muhim davlat binosida yongʻin kuzatildi.
Associated Press muxbirlari Kiyevdagi Vazirlar kengashi binosidan tutun ko‘tarilganiga e’tibor qaratdi.
Ukraina Bosh vaziri Yuliya Sviridenko urush paytida Ukrainaning asosiy hukumat binosiga birinchi marta dushman hujumi ziyon yetkazganini ifoda etgan holda: «O‘t o‘chiruvchilar Ukraina hukumat binosidagi yong‘inni o‘chirish ustida ishlamoqda», - dedi.
Rossiya, bugungacha shahar markazidagi hukumat binolarini nishonga olmaslikka uringandi. Yuqorida nomi tilga olingan binoda vazirlarning ofislari ham joylashgan bo‘lib, Ukraina Vazirlar kengashining foydalanishida edi.
Politsiya voqea joyiga kirishni to‘sib qo‘ygan, o‘t o‘chiruvchi va tibbiy tez yordam mashinalari oʻz vazifasini bajarmoq. Ukraina rasmiylarining xabar berishicha mazkur hujum oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, oʻn besh kishi esa tan jarohati olgan.
Kiev shahri harbiy boshqarmasi boshlig‘i Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar orasida bir yoshli chaqaloq ham bor. Uning jasadi vayronalar ostidan qidiruv va qutqaruv xodimlari tomonidan topilgan.
Shahar meri Vitaliy Klichkoning taʼkidlashicha esa Rossiya insonsiz havo transportlarining boʻlakchalari poytaxtning Sviatoshinskiy tumanidagi 9 qavatli va Darnitskiy tumanidagi 4 qavatli turar - joy binolariga ham zarba bergan.
Yakshanba kungi hujum Rossiyaning ikki hafta ichida Kiyevga qarshi uyushtirgan ikkinchi yirik insonsiz havo transporti va raketa hujumi bo‘ldi. Bu esa, tinchlik muzokaralariga boʻlgan umidlarni asta - sekin soʻndirib bormoqda.
Ayni paytda Ukraina Rossiyaning Bryansk viloyatidagi Drujba neft quvuriga qarshi hujum uyushtirdi. Ukraina Insonsiz Havo transporti kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi, yakshanba kuni nomi tilga olingan quvur liniyasida yongʻin kuzatilgani va oqibatida katta ziyon yetkazilgani aniqlanganini qayt etdi.
Brovdi oʻzining Telegram kanali orqali bergan bayonotida, tranzit quvur liniyasi orqali Rossiya nefti Vengriya va Slovakiyaga yetkazib berilayotganini ifoda etdi.