Texasdagi qutqaruvchilar kamida 78 kishi umriga zomin bo‘lgan sel falokati oqibatida bedarak yo‘qolgan o‘nlab insonni, jumladan, bolalarni topishga harakat qilmoqda. Meteorologlar yana sel falokati yuz berish ehtimoli ustidan ogohlantirmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni bergan bayonotida, juma kuni janubiy shtatga tashrif uyushtirishi mumkinligini bildirdi.
Prezident ob - havo prognozlari va tegishli davlat idoralaridagi yirik uzilishlar mahalliy ogohlantirish tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqidagi xavotirlarni e’tiborga olmadi. Buning o‘rniga Tramp kutilmaganda yuz bergan sel falokatini «100 yilda bir marta sodir bo‘ladigan ofat» deb ta’rifladi va hech kim buni kutmaganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Kerr okrugi sherifi Larry Leithaning aytishicha, Texas markazidagi Kerr okrugida kamida 68 kishi halok bo‘lgan va ulardan 28 nafari yosh bola. Mazkur okrug atrofida esa kamida 10 kishi jon bergan.
Texas jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Freeman Martin matbuot anjumanida «Bugun qurbonlar soni ortishiga guvoh bo‘lasiz», - dedi.
Texas gubernatori Greg Abbott esa: «Shtatda, seldan salbiy ta’sir ko‘rgan barcha mintaqada 41 kishi bedarak yo‘qolganligi aniqlandi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Mashhur lager hududida insonlar nima uchun ertaroq ogohlantirilmagani yoki tezroq evakuatsiya qilinmagani haqidagi savollar ortib borar ekan, Trump vaziyatni «Baydenning qoidasi» deb ta’rifladi.
Yakshanba kuni jurnalistlarga bergan bayonotida esa nomi tilga olingan tartibning o‘z ma’muriyatiga oid emasligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, milliy ob - havo xizmatidagi xodimlar bilan byudjetni qisqartirish haqidagi savolga: «Meteorologlarni qayta ishga olmayman», - deb javob berdi.
Favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha Federal agentlikni (FEMA) bosqichma - bosqich bekor qilish rejalarini o‘zgartirib - o‘zgartirmagani haqidagi savolga esa «FEMA haqida keyinroq gaplashishimiz mumkin», - dedi.
Avvallari tabiiy ofatlarga yordam berish ishlari shtat darajasida amalga oshirilishi kerakligini ifoda etgan Trump, Texas uchun resurslar erkin qo‘yib berilishini ta’minlagan yirik ofat deklaratsiyasini ham imzoladi.
Bedarak yo‘qolgan qizlar
Texas markazida 17 ta vertolyot, tabiiy ofat paytida 750 nafarga yaqin inson borligi taxmin qilingan xristian yozgi lagerida bedarak yoʻqolganlarni qidirish ishlarida ishtirok etdi. Yo‘qolganlar orasida 10 nafar qizaloq bilan bir nafar maslahatchi ham bor.
Tabiat qudratining qo‘rqinchli ko‘rinishidagi voqeada, Gvadalupe daryosining yomg‘ir bilan ko‘tarilgan suvlari juma kuni kechasi qizlar uyqudaligi paytida Camp Mysticdagi daraxt tepalari va bino tomlariga yetib bordi. Oqibatida ba’zilarini yoppasiga oqizib ketdi.
Lagerdagi ko‘rpalar, o‘yinchoq ayiqchalar va boshqa buyumlar loyga botdi. Binolarning oynalari suv ta’sirida singandek ko‘rinmoqda.
Milliy ob - havo xizmati yakshanba kuni bergan bayonotida, sekin harakatlanuvchi momaqaldiroqlar Texas markazida yana shiddatli selga yo‘l ochishi mumkinligi ustidan ogohlantirdi.
Gubernator Abbott, Kerrvill va uning atrofidagi hududlarda kuchli yog‘ingarchilikning to‘lqinli toshqinlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi va rasmiylari daryolarga yaqinlashmasliklarini talab qildi.
Sel falokati 4 – iyul haftaning dam olish kunlarining boshida, oylab davom etgan yog‘ingarchilikning bir necha soat ichida avj olishi bilan boshlandi. Eng yomoni xuddi ana shu paytlarda kechasi insonlarning ko‘pchiligi uxlayotgan edi.
Guadalupe faqatgina 45 daqiqa ichida taxminan 26 fut (sakkiz metr va ikki qavatli binodan ham yuqoriroq) ko‘tarildi.