Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Davlat rahbarlari kengashining 25 - yig‘ilishida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun yakshanba kuni Xitoyning Tyanszin shahriga yetib bordi.
Prezident Erdo‘g‘anni Pekin xalqaro aeroportida Xitoy Davlat vaziri Ley Xaytsao, Turkiyaning Pekindagi elchisi Selchuk Unal va elchixona xodimlari kutib olishdi.
Erdo‘g‘an Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 25 - yig‘ilishi doirasida Xitoy Prezidenti Si Szinpin tomonidan rahbarlar sharafiga uyushtirilgan kechki ovqatda ishtirok etadi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Burhanettin Duran tomonidan mavzu haqida berilgan bayonotga ko‘ra, Erdo‘g‘an, dushanba kuni kengaytirilgan formatda o‘tkaziladigan sammit sessiyasida nutq so‘zlaydi.
Erdo‘g‘anning Xitoyga bo‘lgan ushbu tashrifi 31 - avgustdan 1 - sentabrgacha davom etadi.
Bu tashrif Erdo‘g‘anning so‘nggi 5 yil ichida Xitoyga qilgan birinchi safari bo‘lib, bu holat, Anqara va Pekin o‘rtasidagi strategik aloqalarning kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Sammit davomida Erdo‘g‘anning, Xitoy Prezidenti Si Szinpin hamda boshqa ishtirokchi davlatlarning rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Prezident Erdo‘g‘anga ushbu tashrifi chog‘ida rafiqasi Emine Erdo‘g‘an, Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, Milliy Razvedka Tashkiloti rahbari Ibrahim Kalin, Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar, G‘aznachilik va moliya vaziri Mehmet Shimshek hamda Milliy Mudofaa vaziri Yashar Guler hamrohlik qiladi.
Shuningdek Sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fatih Kachir, Savdo vaziri O‘mer Bo‘lat, Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari Halit Yerebakan, Milliyatchi Harakat partiyasi rais o‘rinbosari Ismail Faruk Aksu, Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Burhanettin Duran, Mudofaa Sanoati rahbari Haluk Go‘rgun va Prezidentning maxsus kotibi Hasan Do‘g‘an ham Erdo‘g‘an hay’ati qatoridan o‘rin olgan.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Turkiya
Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan 2001 - yili tashkil etilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va terrorizmga qarshi kurash masalasini qo‘lga olmoqda.
Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston yuqorida nomi tilga olingan tashkilotning to‘liq a’zosidir.
Tashkilot 2017 - yili Hindiston va Pokiston, 2023 - yili Eron va 2024 - yili Belarusni o‘z tarkibiga qo‘shib, 4 ta yangi a’zoni qabul qildi.
Turkiya 2012 - yildan beri Shanxay Hamkorlik Tashkilotining muloqot hamkori bo‘lib, bu maqomni qo‘lga kiritgan NATO tarkibidagi ilk va yagona davlatdir. Turkiya bu orqali bir tomondan G‘arb bilan bo‘lgan hamkorligini davom ettirar ekan, ikkinchi tomondan Yevroosiyo bilan chuqurroq aloqalarni rivojlantirishga intilishini aks ettirmoqda.
Turkiya 2017 - yili Prezident Erdo‘g‘an rahbarligida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Energetika klubiga raislik qildi va Xitoy bilan Rossiya kabi asosiy a’zolar bilan savdo sohasidagi hamkorligini oshirib, munosabatlarini mustahkamlamoqda.
Dushanbagacha port shahri Tyanszinda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SCO) sammiti, Ikkinchi Jahon urushi tugashining 80 - yilligi munosabati bilan Pekinda uyushtiriluvch yirik harbiy parad marosimidan bir necha kun oldin o‘tkaziladi.