Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron telefon orqali muloqot qildi. Fransiya tomonining iltimosiga binoan bo‘lib o‘tgan ushbu muloqotda Rossiya - Ukraina tinchlik jarayoni va G‘azodagi oxirgi vaziyat muhokama qilindi. Bu haqida Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi ma’lumot berdi.
«NSosyal» ijtimoiy tarmoq orqali berilgan ushbu ma’lumotga ko‘ra ikkala lider muloqot chog‘ida Turkiya - Fransiya o‘rtasidagi ikki tomonli munosabatlar, Rossiya - Ukraina tinchlik jarayoni, G‘azodagi oxirgi vaziyatlar hamda mintaqadagi va dunyodagi dolzarb masalalar ustidan fikr almashdi.
Erdo‘g‘an Makronga, Turkiya, Rossiya - Ukraina urushi adolatli va tinch yo‘l bilan tugashi uchun kerakli choralarni ko‘rishni davom etayotgani hamda Alyaska bilan Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarni yaqindan kuzatayotganini ta’kidladi.
Prezident shuningdek, «Turkiya, Ukraina - Rossiya o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari uchun har qanday tashabbusga mezbonlik qilishga tayyor», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
G‘azo masalasiga ham to‘xtalgan Erdo‘g‘an, Turkiya yirik insoniy inqiroz oldida otashkesimni yo‘lga qo‘yish uchun zarur faoliyatlarni olib borayotganini ifoda etgan holda: «Isroil ishg‘olni kuchaytirish rejasidagi beparvolikka chek qo‘yishi shart», - dedi.
Ikki davlat rahbarlari sentabr oyida Nyu - Yorkda boʻlib oʻtadigan BMT Bosh Assambleyasi doirasida ushbu masalalarni batafsil muhokama qilishga kelishib oldilar.
Bayonotda, shuningdek, Erdo‘g‘anning Turkiya Fransiya bilan bo‘lgan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor berishini ta’kidlagani va turli sohalarda ayniqsa mudofaa sanoatida aloqalarni rivojlantirish uchun shaxdam qadamlar tashlashni davom etishini ifoda etgani ta’kidlandi.
Fransiya Turkiyaga minnatdorchilik bildirdi
Ayni paytda Makron «X» platformasi orqali bergan bayonotida, ikkala lider ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi uyushtirgan hujumlarini to‘xtatishi uchun bir xil maqsad va ko‘z qarashga ega ekanini taʼkidladi. Unda shuningdek, urush tugashi va Kiyevning kuchli xavfsizlik kafolatlari bilan himoyalanishi zarurligi ta’kidlandi.
Makron, Turkiyaga bu boradagi koalitsion birlik yoki hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Yaqin Sharq masalasiga ham to‘xtalgan Makron Isroil hukumatining G‘azoga qarshi yangi harbiy hujum boshlatish va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda, xususan, E1 hududida aholi punktlarini kengaytirish rejasini qoraladi.
Fransuz liderning aytishicha, bunday qadamlar tinchlik harakatlariga zid va faqatgina urushga yetaklaydi.
Makron, «Mintaqadagi hamma uchun tinchlik va xavfsizlikka olib boruvchi yagona yoʻl – oʻt ochishni toʻxtatish, garovga olinganlarni ozod qilish, insonparvarlik yordami yetkazib berish va siyosiy yechimga intilishdir», - dedi.
Makron, Fransiyaning Saudiya Arabistoni bilan birga sentabr oyida Nyu - Yorkda boʻlib oʻtadigan ikki davlat asosidagi yechim konferentsiyasiga tayyorgarlik koʻrish doirasida Turkiya bilan yaqindan hamkorlik ichida ekanini maʼlum qildi.