AQSh Prezidenti Donald Tramp jurnalistlarning qamal ostidagi Gʻazoga kirib, u yerdagi gumanitar sharoitlarni oʻrganishi va yoritishi kerakligini aytdi.
Isroil 2023-yil oktabr oyida boshlangan urushdan beri xalqaro ommaviy axborot vositalarining Gʻazoga kirishini taqiqlab kelmoqda.
“Men buni amalga oshishini xohlayman. Albatta,” dedi Tramp payshanba kuni Oq uyda jurnalistlarga. “Jurnalistlarning borishi menga ma’qul. Bu juda xavfli vaziyat, bilasiz, agar jurnalist boʻlsangiz, lekin men buni koʻrishni istayman.”
Ushbu izohlar dunyoning turli burchaklaridan 100 dan ortiq jurnalist, fotograf va urush muxbirlari Gʻazodagi qirgʻinni mustaqil yoritish uchun xalqaro jurnalistlarga “darhol va cheklovsiz” kirish huquqini talab qilgan petitsiyani imzolaganidan bir necha kun oʻtib yangradi.
Mazkur petitsiya, mukofotga sazovor boʻlgan urush fotografi Andre Liohn tomonidan asos solingan “Haqiqatni Yoritish Huquqi” tashabbusining bir qismi boʻlib, uni Sky Newsdan Aleks Krouford, CNNdan Mehdi Hasan, Kristian Amanpur, Klarissa Uord va mashhur urush fotografi Don Makkullin kabi taniqli shaxslar imzolagan.
Imzolovchilar Isroildan xalqaro jurnalistlarga Gʻazoda erkin va shaffof ishlash imkoniyatini berishni talab qilib, urush boshlanganidan beri xalqaro ommaviy axborot vositalarining taqiqlanishi “jamoatchilikning bilish huquqiga ochiqdan-ochiq zid” ekanini ta’kidlashdi.
Matbuot erkinligi guruhlari va gumanitar tashkilotlar Isroildan cheklovlarni bekor qilishni qayta-qayta talab qilib kelmoqda. Ular Gʻazodan mustaqil xabarlarning yoʻqligi global jamoatchilikni cheklangan, harbiylar tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlarga va urushda halok boʻlgan mahalliy jurnalistlarning ishlariga qaram qilib qoʻyganini ogohlantirishmoqda.