SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Putin Ukraina muzokaralaridagi Turkiya roliga e'tibor qaratdi
Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin Prezident Erdo‘g‘an bilan bo‘lgan uchrashuvida, Ukraina muzokaralaridagi Turkiya roliga e'tibor qaratdi.
Putin Ukraina muzokaralaridagi Turkiya roliga e'tibor qaratdi
бир кун олдин

Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammiti doirasida Xitoyning port shahri Tyanszinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Putin ushbu uchrashuvda, Ukraina inqirozini hal qilishdagi Turkiya roliga e’tibor qaratgan holda Anqara muammolarga yechim topishda alohida rol o‘ynashda davom etishiga ishonch bildirdi.

Putinning taʼkidlashicha, Rossiya bilan Ukraina oʻrtasida joriy yilning may oyidan beri Istanbulda uch marta toʻgʻridan - toʻgʻri muzokara oʻtkazilgan. Muzokaralar esa tomonlarga gumanitar masalalarda muvaffaqiyatga erishish imkonini bergani ifoda etilmoqda.

Anqaraning bu jarayondagi roli muloqot uchun zamin yaratishda samarali natija berganiga e’tibor qaratgan Putin, Turkiya hissalarini ham «muhim», ham «zaruriy» deb ta’rifladi.

Rossiya lideri, shuningdek, Erdo‘g‘an bilan Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Kavkaz kabi turli mintaqaviy masalalarni muhokama qilganliklarini bildirdi. Rossiya rahbari bu sohalardagi hamkorlik «yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, aniq, foydali va ishonchga asoslangan» ekanini taʼkidladi.

Putinning taʼkidlashicha, liderlar ishtirokida muntazam ravishda o‘tkazilgan uchrashuvlar konstruktiv tusda va hurmat asosida olib borilgan muloqotga yordam beradi va bu yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga mos keladi.

Putin, ikki davlat oʻrtasidagi savdo va sarmoyaning uzluksiz oʻsib borayotganiga ham eʼtibor qaratdi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6,6 foizga o‘sgani va 2025 - yilning birinchi yarmida yana 3 foizga o‘sishi kutilayotganini qayd etdi. Putin rus firmalarining Turkiyaning metallurgiya va avtomobil sanoatida faolligi, turk shirkatlarining esa Rossiyada mashinasozlik, yog‘ochni qayta ishlash va metallurgiya sohalarida muhim o‘rni borligini qayd etdi.

Rossiya lideri, shuningdek, iyun oyida Moskvada yigʻilgan hukumatlararo komissiya ishi iqtisodiy hamkorlikni oshirish omili ekanini alohida taʼkidladi.

Energiya sohasidagi hamkorlikni «haqiqiy strategik» deb ta’riflagan Putin, «Moviy oqim» va «Turk oqimi» quvurlari orqali tabiiy gaz yetkazib berish ishlari uzluksiz davom etayotgani; Rossiya esa Turkiyaning asosiy yetkazib beruvchilaridan biri ekanini ta’kidladi.

Rossiyaning «Rosatom» shirkati tomonidan qurilgan «Akkuyu» atom elektr stansiyasiga ham to‘xtalgan Putin, uni ikki tomonlama munosabatlarning «bayroqdori» deb ta’riflab, hamkorlikning uzoq muddatli tabiatiga urg‘u berdi.

Kreml rasmiy muzokaralar oldidan Rossiya va Turkiya delegatsiyalarining bir - birini samimiy kutib olgani aks etgan kadrlarni e’lon qildi. Unda «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachev bilan Rossiya energetika vaziri Sergey Tsivilevning turk hamkasblari, jumladan, Energetika vaziri Alparslan Bayraktar bilan qo‘l berib quchoqlashayotganini ko‘rish mumkin.

Putin, shuningdek, Moskva bilan Anqara o‘rtasidagi siyosiy ishonchning ahamiyatiga to‘xtalib; hamkorlik ikki tomonlama masalalardan tashqari mintaqaviy va xalqaro masalalarni ham o‘z ichiga olishini ta’kidladi. U Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika kabi mintaqalardagi yondashuvlarni uyg‘unlashtirish har ikki tomon uchun ham muhimligini o‘z so‘ziga ilova etd.

TRT Globalni kuzatib boring. Fikr-mulohazalaringizni baham ko'ring!
Contact us