Texas markazida sodir bo‘lgan sel falokati oqibatida halok bo‘lganlar soni 51 nafarga yetdi.
Bedarak yo‘qolganlar orasida Camp Mystic yozgi dam olish lageridan 27 nafar yosh qizaloq ham bor. Kerrville shahri yetakchisi Dalton Rice, hududda yana yo‘qolganlar bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
“Biz buni ikki xil yo‘l bilan ko‘rib chiqyapmiz. Ya’ni yo‘qolganlar 27 nafar... Boshqa tomondan esa aniq raqam bera olmaymiz, chunki aniq bilmaymiz”, - dedi u matbuot anjumanida.
Texas gubernatori Greg Abbott matbuot anjumanida davlat favqulodda holat e’lonini kengaytirayotgani va AQSh Prezidenti Donald Trampdan qo‘shimcha federal resurslar so‘rayotganini ma’lum qildi.
Texas Favqulodda vaziyatlar Boshqarmasi rahbari Nim Kidd qutqaruvchilar bedarak yo‘qolganlar bilan qurbonlarni havodan, quruqlikdan va suvdan yoki Guadalupe daryosi bo‘ylab qidirayotganini bildirdi.
Kidd mavzu haqida: “Yo‘qolganlarning barchasi topilmagunga qadar qidiruv ishlari davom etadi”, - dedi.
Sel falokati juma kuni bir necha oylik yomg‘irning bir necha soat ichida yog‘ishi natijasida boshlangan va Guadalupe daryosi 45 daqiqada 8 metrga ko‘tarilgandi.
Milliy ob - havo xizmati yana yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani va ortiqcha suv oqimi daryolar, soylar va pasttekisliklarda suv toshqinlariga olib kelishi mumkinligi ustidan ogohlantirdi.
Shanba kuni Kerrville shahrida odatda tinch oqadigan Guadalupe daryosi tez oqib, loyqa suvlari turli chiqindilar bilan to‘lgan edi.
“Suv daraxtlarning tepasigacha yetdi. Taxminan 10 metrcha. Transportlar, hatto barcha uylar daryodan past tomon oqib ketdi”, - dedi 61 yoshli mahalliy aholi vakili Gerardo Martinez,
Tuproqning yomg‘‘irni o‘ziga singdira olmagani bois kutilmaganda paydo bo‘lgan sel, aslida odatiy holatdir.
Ammo olimlarning aytishicha so‘nggi yillarda inson qo‘li bilan yuzaga kelgan iqlim inqirozi toshqinlar, qurgvoqchilik va issiqlik to‘lqinlari kabi ekstremal ob - havo hodisalarini yanada kuchaytirmoqda.
Camp Mysticdagi vayronagarchilik
Shanba kuni sherif Leitha suv toshqiniga uchragan Kerr okrugidagi Camp Mystic xristian yozgi lageridan 27 nafar bola yo‘qolganini aytdi. Lagerda taxminan 750 nafar qiz ro‘yxatdan o‘tgan edi.
AQSh ommaviy axborot vositalari yo‘qolgan qizlardan to‘rt nafari halok bo‘lganini, ularning oilalariga asoslanib xabar berdi.
Guadalupe daryosi bo‘yida joylashgan lager tartibsizlik holatida edi: adyollar, matraslar, o‘yinchoq ayiqchalar va boshqa buyumlar binolar bo‘ylab sochilib yotardi.
Lager kabinalarining oynalari suvning kuchi bilan singan edi.
Camp Mysticdan bir mil uzoqlikda joylashgan Heart O' The Hills yozgi lageri shanba kuni o‘z direktori Jeyn Ragsdeyl halok bo‘lganini tasdiqladi.
Murakkab bir kun
Kerrville shahri rasmiylaridan Dalton Rays qutqaruvchilar o‘ta murakkab sharoitlarda ishlayotganini ifoda etdi.
“Biz bugun ertalab soat 8:00 da (1300 GMT) quruqlikdagi qidiruv ishlarini boshladik”, - dedi u, aholini o‘zlari qidiruv ishlarini boshlamaslikka chaqirib.
Rays mashhur lager hududida necha inson bo‘lgani noma’lum ekanini ifoda etgan holda, yo‘qolganlar soni bo‘yicha umumiy raqam bermadi.
Davlat va mahalliy rasmiylar daryo bo‘ylab joylashgan lagerlar hududiga bormaslikni, ko‘plab yo‘llar o‘tib bo‘lmas holatda ekanini ta’kidladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda og‘ir yog‘ingarchilikning 30 santimetrga qadar yog‘ishi oqibatida yuz bergan selda uylar bilan daraxtlar oqib ketayotgani aks etdi. Bu miqdor Kerr Kantrining yillik o‘rtacha yog‘ingarchiligining uchdan biriga to‘g‘ri keladi.
Hudud bo‘ylab qutqaruvchilar ish olib borayotgan bir paytda, Kerrville meri Jo Herring jamiyatni birlashishga chaqirdi.
“Hamma bugun qiyin kun bo‘lishini bilishi zarur. Murakkab bir kun bo‘ladi”, - dedi.